17:14 / 11.04.2022
14992

Zelenskiy: Mariupolda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan

Zelenskiy Janubiy Koreyaga harbiy yordam so‘rab murojaat qildi.

Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shinlari tomonidan qamal qilinayotgan Mariupolda urush boshlanganidan buyon tinch aholi vakillari bo‘lgan o‘n minglab kishilar halok bo‘lgan. Bu haqda u Janubiy Koreya parlamentiga murojaati vaqtida aytib o‘tdi.

Zelenskiy shuningdek Rossiya yangi hujum boshlash uchun yana o‘n minglab harbiylarini yig‘ayotganini aytib o‘tgan. U katta ehtimol bilan rossiyaliklarning Donbassda keng ko‘lamli hujumga o‘tishga tayyorlanayotganini nazarda tutgan.

U Janubiy Koreyadan harbiy yordam so‘ragan.

«Bizga havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak, samolyotlar, tanklar, boshqa zirhli texnikalar, artilleriya tizimlari va o‘q-dorilar kerak. Sizda esa bizga zarur narsalar bor», dedi u.

  • Rossiya harbiylari mart oyi boshidayoq janubdagi port shahar Mariupolni qamal qilishni boshlagan. Mart oyi o‘rtalariga kelib mahalliy hukumat shahardagi binolarning 80-90 foizi vayron bo‘lgani va qurbonlar soni 2 mingdan oshgani haqida ma’lum qilgandi.
  • 7 aprel kuni Mariupol meri Vadim Boychenko shaharda kamida 5 ming kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.
  • Urushga qadar Mariupol shahri aholisi 430 ming kishini tashkil etgan. Mer Vadim Boychenkoning so‘zlariga ko‘ra, aprel oyi boshida shaharda 100 ming atrofida kishi qolgan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top