13:33 / 09.07.2022
9119

Jizzaxda sodir bo‘lgan YTHda yo‘lovchi vafot etdi

VAZ-2106 mashinasi ro‘paradan kelayotgan Lacetti bilan to‘qnashgan.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 3 iyul kuni 12:30 larda 4R-34 Paxtakor-Zafarobod avtomobil yo‘lining Zafarobod tumani hududidan o‘tgan 83-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Zafarobod tumani Yorqin shaharchasida yashovchi shaxs VAZ-2106 mashinasida Paxtakor-Zafarobod yo‘nalishi bo‘yicha ketayotib qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Baxmal tumani Novqa qishlog‘ida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Lacetti mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda, VAZ-2106 mashinasi yo‘lovchisi, Yorqin shaharchasida yashovchi fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Zafarobod tumani IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Yangiobod tumanida Damas haydovchisi uxlab qolib ro‘paradan kelayotgan VAZ-2106 mashinasi bilan to‘qnashgan, oqibatda uning salonida bo‘lgan yo‘lovchi vafot etgandi.

Top