15:04 / 20.07.2022
10524

Investitsiya dasturi doirasida Qoraqalpog‘istonga ajratilgan mablag‘ 1 trillion so‘mgacha oshirildi

Qoraqalpog‘iston Moliya vazirligi mutaxassisi Tojiddin Qosbugabetovning ma’lum qilishicha, hududga kiritilayotgan investitsiyalar miqdori so‘nggi yillarda bir necha o‘n barobarga oshirilgan. Natijada tuman va shaharlarda insonlarning yashash sharoitlari va hududning infrastrukturasi to‘xtovsiz rivojlantirib borilmoqda.

Qosbugabetovga ko‘ra, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan investitsiya dasturlari asosida ko‘plab maktablar qurilib, mavjudlari ta’mirlanmoqda.

«2015 yilga qadar investitsiya dasturi doirasida 30 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu raqamlar 1 trillion so‘mgacha yetgan.

Bu dastur doirasida Mo‘ynoq aeroportini ta’mirlash uchun 105 milliard so‘m, Nukusdagi prezident maktabi uchun 74 milliard so‘m, Nukusdagi tibbiyot klinikasi to‘liq rekonstruksiyasi uchun 85 milliard so‘m ajratilgan.

Bundan tashqari, Nukus shahriga ajratilgan 205 milliard so‘m evaziga shahar obodonlashtirilmoqda: yashil hududlar ochilib, avtomobil yo‘llari, trotuarlar hamda veloyo‘laklar qurilmoqda. Bularning barchasi, Qoraqalpog‘iston uchun juda quvonarli hol», – deydi Qoraqalpog‘iston Moliya vazirligi rasmiysi.

Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi Injigul Mamutovaning aytishicha, birgina Mo‘ynoq tumanidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari uchun 81 milliard so‘m pul ajratilgan. Bo‘zatov va Taxtako‘pir tumanlariga 50 milliard so‘m, Chimboy, Qanliko‘l va Kegeyli tumanlarini rivojlantirish uchun esa 200 milliard so‘m yo‘naltirilgan.

«Bularning barchasi xalqning turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi. Hozir hamma joyda mo‘lchilik, odamlarga erkinlik berilgan. Kim qanday kasb bilan xohlasa shug‘ullanadi.

Men 1986 yillardan beri moliya tizimida ishlab kelganman. Oldinlari oyliklarni bir oydan ham kechroq olardik, valuta bilan ham doim muammolarimiz bo‘lgan. Xudoga shukr, hozir bunday muammolar yo‘q», – deydi Injigul Mamutova.

Top