14:07 / 24.07.2022
15976

Manba: Ronaldu «Atletiko»ga o‘tishga rozi, «MYu» uni ijaraga berishi mumkin

«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu ijara asosida boshqa klubga o‘tishi mumkin.

Foto: Getty Images

«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu faoliyatini Ispaniya Primerosida davom ettirishi mumkin. Daily Mail nashri xabar berishicha, 37 yoshli futbolchining xizmatlariga Madridning «Atletiko» klubi qiziqish bildirmoqda.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, portugaliyalik futbolchi «matraschilar» safiga o‘tishga rozilik bergan. Ammo bu transfer amalga oshishi uchun madridliklar klubi qaysidir asosiy futbolchisini sotishi kerak bo‘ladi.

The Times nashrining yozishicha, klub maoshlar vedomostini qisqartirish uchun Grizmanni sotishi mumkin.

Ronalduning «Atletiko»ga o‘tishiga to‘siqlardan biri klub muxlislarining Krishtianuga munosabati hisoblanadi, forvard avval Madridning boshqa bir jamoasi «Real»da o‘ynaganida muxlislar uni yoqtirmay qolishgan.

Avvalroq, Ronaldu «MYu»ni tark etishni istayotgani ma’lum bo‘lgandi. Krishtianu Chempionlar ligasida ishtirok etuvchi klub safiga o‘tishni istamoqda, shuningdek, uni «qizil iblislar»ning transferlar bozoridagi harakati qanoatlantirmayapti. 37 yoshli portugaliyalik «Man Yunayted» bilan mavsumlar oralig‘idagi turnega bormagan.

Ronaldu «Manchester Yunayted»ga 2021 yil yozida qaytgandi. Uning amaldagi shartnomasi muddati 2023 yil oxiriga qadar tuzilgan.

Mirror nashri ma’lumotiga ko‘ra, ingliz klubi rahbariyati 37 yoshli portugaliyalik futbolchisini sotishni istamayapti. «Qizil iblislar» Ronaldu klub bilan shartnoman 2024 yilga qadar uzaytirish haqidagi bandni ishga tushirishini, shundan keyin 2022/2023 yilgi mavsum yakunigacha ijaraga yo‘l olishini istashmoqda.

«Manchester Yunayted»dagilar oldinda turgan mavsum yakunida Chempionlar ligasiga yo‘llanma qo‘lga kiritishiga, Ronaldu esa jamoaga qaytib, 2023/2024 yilgi mavsumda jamoaga yordam berishiga umid qilmoqda.

Top