Angliya: «MYu» qo‘shimcha daqiqalarda hisobni ochib, g‘alaba qozona olmadi

«Brentford» – «Manchester Yunayted» 1:1
Gollar: 0:1 – 90+6 Maunt, 1:1 – 90+9 Ayyer.
«Brentford» – Flekken, Roerslev (Mope, 87), Yorgensen, Ayyer, Kollinz, Yyensen, Yanelt, Yarmolyuk (Damsgor, 71), Vissa (Mbemo, 71), Touni, Lyuis-Potter (Quddus, 87).
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Varan (Maguayr, 46), Lindelyof (Martines, 69), Uan-Bissaka, Brunu Fernandesh, Maktominey, Maynu (Kazemiro, 80), Garnacho (Antoni, 59), Reshford (Maunt, 80), Hoylund.
Ogohlantirishlar: Uan-Bissaka (39), Vissa (45), Yorgensen (83), Maktominey (90+12), Mope (90+12).

«MYu» bu mavsumda urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbati bo‘yicha ijobiy farqqa erishishga harakat qilmoqda. Bu tur arafasida jamoalarda balans bor edi – urilgan 39 gol va o‘tkazib yuborilgan 39 gol.

Londondagi o‘yinning birinchi bo‘limi «MYu» uchun azobli o‘tdi. Jamoa ilk daqiqalarda oldinga o‘tgan bo‘lsa-da uzatmalarda aniqlik yetishmadi, keyin esa mezbonlar tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga olishdi. Toni Onana bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi, ammo uning zarbasi ustunga tegdi, keyin esa burchakdan to‘p oshirib berilganida Zanka to‘sinni nishonga oldi. «MYu» ham vaziyatlar yaratdi, ammo ular borgan sari kamayib va xavfsiz tus ola bordi.

Tanaffusdan keyin esa «Brentford»ning xavfli hujumlari yanada ko‘paydi. To‘p bir necha bor ustun yonidan o‘tdi. Onana ketma-ket vaziyatlarda qutqardi. Epizodlardan birida u bir necha soniya oralig‘ida ikki xavfli zarbani qaytardi. Raqib «MYu» darvozabon hududidan ham hech qanday qarshiliksiz chalqancha zarba berdi.

73-daqiqada «Brentford» nihoyat darvozani ishg‘ol etdi. Ammo Toni mikroskopik ofsaydda qolgani tufayli golni bekor qilishga to‘g‘ri keldi.

«MYu» himoyachilari shundan keyin ham o‘ziga kela olmadi, ko‘p o‘tmay zaxiradan maydonga tushgan Mbemoning zarbasi to‘singa tegdi. Umuman olganda, butun o‘yin davomida mezbonlar to‘rt marta to‘pni darvoza ustuni yoki to‘siniga tekkizdi.

Barchasi «MYu» Londondan 0:0 hisobidagi durang bilan qaytishiga olib borayotgandi va shu ham ten Hag jamoasining omadi kelgani bo‘lardi. Mezbonlar raqib jarima maydoni ichida to‘pga teginish borasida yetti karra ustunlikka erishdi, zarbalar bo‘yicha hisob – 33:11 ko‘rinishini oldi. Ammo 90+5-daqiqada Maunt kutilmaganda «MYu» safidagi debyut golini urdi. Bu gol umuman o‘yin mantig‘iga to‘g‘ri kelmasdi va qolgan daqiqalar ichida «MYu» baribir g‘alabali hisobni ushlab qololmadi. 90+9-daqiqada «Brentford» to‘liq kuch bilan hujumga o‘tdi va Tonining sa’y-harakatlaridan keyin jarima maydoni markazida bo‘sh qoldirilgan Ayyer Onanani ilojsiz qoldirdi – 1:1. «MYu» baribir urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbatida plyusga chiqa olmadi.