14:40 / 08.08.2022
8182

Bosh prokuratura Nishon tuman hokimi o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Erkin Boboqulov

Avalroq, Kun.uz’da 2022 yil 30 iyul kuni Nishon tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Erkin Boboqulov Qarshi tumani hududidagi yo‘lda notanish fuqaroni urib yuborgani va jabrlanuvchi vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Xayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Nishon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari xizmat avtomobilida fuqaroning o‘limi bilan bog‘liq sodir etgan yo‘l transport hodisasi yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi Bosh prokuratura matbuot kotibining xabarida.

Ma’lumot uchun, Erkin Boboqulov 2022 yil 29 aprel kuni Nishon tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari-iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Mazkur tayinlovgacha, E.Boboqulov Chiroqchi tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari-iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

E.Boboqulov bilan sodir bo‘lgan hodisa Qashqadaryo viloyatida tuman hokimi o‘rinbosarlari bilan sodir bo‘lgan ilk hodisa emas. Bungacha, 2022 yil 1 iyun kuni Mirishkor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Toshkentga ketayotib Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan YTHda vafot etgandi.

Bundan tashqari, 2021 yil 12 dekabr kuni Koson tumani hokimiga tegishli Captiva xizmat mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan fuqaroni urib yuborgan va jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgandi.

Keyinchalik, mashina boshqaruvida hokim emas, uning o‘rinbosariga xizmat qiladigan haydovchi Rahim Jo‘rayev bo‘lgani ma’lum qilingandi. Ammo marhumning yaqinlari Rahim Jo‘rayev o‘sha kuni rulda bo‘lmagani, mashinani tuman hokimining o‘zi yoki uning o‘g‘li boshqargan bo‘lishi mumkinligini aytib chiqishgandi.

Top