10:31 / 03.10.2022
5529

O‘zbekiston sharoitida maymunjon navlari sinab ko‘rilyapti

Akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy-tadqiqot institutida maymunjonning 3 ta: «Texas», «Chester» va «Chaster Tornless» navlari qimmatli xo‘jalik-biologik xususiyatlari ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. 

Foto: Agro.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, bu borada «May Agro» fermer xo‘jaligi bilan hamkorlikda ishlanmoqda. «May Agro» fermer xo‘jaligi 2019 yilda tashkil topgan bo‘lib, 1 gektar yer maydonida maymunjon o‘simligi «Chester» navini o‘stirmoqda. Ushbu nav 3×1,20 sm sxemasida ekilgan bo‘lib, tomchilatib sug‘orish tizimi yordamida sug‘oriladi. 

Institut «Mevali ekinlar seleksiyasi va nav o‘rganish» bo‘limi ilmiy xodimlari fermer xo‘jaligiga borib, doim o‘z maslahatlarini berib borayotgani aytiladi. Tuproq tahlillarini o‘tkazish hamda mevalar kimyoviy tarkibini o‘rganishda amaliy yordam berishyapti.

Maymunjon – malina avlodidan bo‘lgan o‘simlikdir. O‘zbekistonda daryo bo‘ylarida, sug‘orish shoxobchalari yoqalarida juda ko‘p o‘sadi. Madaniy holda kamdan-kam uchraydi. Maymunjon mevasi tarkibida har xil vitaminlar mujassam, masalan: karotinoid, foliy kislotasi (vitamin B9), C vitamini, K vitamini hamda oz miqdorda E vitamini mavjud. Maymunjon mevasida minerallardan kaliy, mis, kalsiy, magniy va sink bor.

Maymunjon ildiz bachki chiqarmaydi, yer bag‘irlab o‘sadigan novdalari esa bo‘g‘imlaridan yoki uchlaridan ildiz otadi va yangi tupchalar hosil qiladi. Maymunjon yirik mevali serhosil navlari I.Michurin tomonidan ixtiro qilingan. Bu navlar ba’zi havaskorlar barpo etgan bog‘larda o‘sadi.

Top