Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yaratilgan navlari mualliflarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yaratilgan navlari mualliflarini rag‘batlantirishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi Ilmiy izlanishlar va innovatsion ishlanmalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kartoshka navlari seleksiyasi va urug‘chiligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yaratilgan navlari mualliflarini rag‘batlantirish Jamg‘arma kengash tomonidan taqdim etiladi hamda nazorat qilinadi.

Jamg‘arma kengashi majburiyatlari:

nav muallifi (hammualliflari) yoki ish beruvchi tomonidan ariza qabul qiladi;

nav muallifi (hammualliflari) tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida rag‘batlantirishni ma'qullaydi yoki rad etadi;

nav muallifi (hammualliflari) bazaviy lavozim maoshining besh baravarigacha miqdorda bir marotaba mukofotlash va/yoki doimiy ravishda rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi;

nav muallifi (hammualliflari)ni rag‘batlantirish aniq miqdori Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan mezonlarga bog‘liq ravishda Jamg‘arma Kengashining qarori bilan belgilanadi.

Quyidagilar:

a) nav muallifi (hammualliflari)ni bazaviy lavozim maoshining besh baravarigacha miqdorda, xususan, seleksiya yutug‘ining original urug‘liklarni O‘zbekiston Respublikasi hududlarida Jamg‘arma kengashi tomonidan o‘simlikni o‘suv davri davomida aprobatsiyadan o‘tkazish natijasida:

O‘zbekiston Respublikasi patentiga ega bo‘lgan nav muallifi (hammualliflari)ni bazaviy lavozim maoshining ikki baravari miqdorida;

Xalqaro patentga ega bo‘lgan nav muallifi (hammualliflari)ni bazaviy lavozim maoshining besh baravari miqdorda bir marotaba moddiy mukofotlanadi.

b) nav muallifi (hammualliflari)ni doimiy ravishda, xususan, patent egasi (lisenziar) seleksiya yutug‘idan foydalanish huquqini lisenziatga (keyingi o‘rinlarda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti deb ataladi) litsenziya shartnomasi asosida taqdim etilib, lisenziat seleksiya yutug‘ining original urug‘liklaridan ishlab chiqarilgan elita va reproduksion urug‘liklarini sotish asosida tushgan mablag‘dan Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan mezonlarga muvofiq moddiy rag‘batlantiradi.