O‘zbekiston | 12:08 / 27.01.2023
9798
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sarimsoqning yangi navi patentlandi

Fruchtportal.de yangi meva va sabzavotlar xalqaro savdosi onlayn-jurnalida «O‘zbekistonda sarimsoqning yangi navi patentlandi» sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Getty Images

Nashrda 2022 yilda O‘zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka ilmiy tadqiqot instituti olimlari sarimsoqning boshqa navlarga qaraganda tezroq pishadigan «Janub» nomli yangi navini patentlagani haqidagi ma’lumot o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan.

«Yangi navning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, uning pishib yetish muddati nisbatan qisqa: 200-215 kun. Qolaversa, yangi nav hosildor bo‘lib, 13 boshli yirik sarimsoq qiladi va sifati zamonaviy bozor talablariga to‘liq mos keladi. Tashish va saqlash muddati jihatidan yangi nav yaxshi sifatlarga ega», deya  «Janub» navi ixtirochisi, sabzavot, Poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Bahodir Salomovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi manba.

Maqolada ta’kidlanishicha, agar nav sentabr oyining birinchi o‘n kunligida qishki sarimsoq kabi ekilgan bo‘lsa, uni keyingi yil mart oyining uchinchi o‘n kunligi - aprel oyining birinchi o‘n kunligida yig‘ib olish mumkin. 

«Ya’ni yangi navning hosili boshqa navlarga qaraganda 20-25 kun oldin tayyor bo‘ladi. Bu o‘zbekistonlik eksportchilarga yangi sarimsoq hosili bilan odatdagidan deyarli bir oy oldin tashqi bozorga chiqish imkonini beradi», deb yozadi Fruchtportal ekspertlari.

Mavzuga oid