12:01 / 13.01.2023
7128

Qozog‘istonda to‘xtab qolgan avtobusdan O‘zbekistonning yana 31 fuqarosi evakuatsiya qilindi

Aqto‘be oblastida avtobusda qolib ketgan yana 31 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi. Transport vositasi yo‘lda qolib ketishiga kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘lgan.

Foto: Orda.kz

12 yanvar kuni Qozog‘istondagi «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 819-kilometrida «Krasnodar-Sariog‘och» yo‘nalishida harakatlangan, ichida O‘zbekistonning 31 nafar fuqarosi bo‘lgan avtobus to‘xtab qoldi.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, to‘xtash sababi — kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isining muzlashi bo‘lgan.

Aqto‘be oblasti Xromtau rayoni qutqaruvchilari yo‘lovchilarni Xromtau shahridagi Sherxon kempingiga joylashtirishgan.

Foto: Orda.kz

Jabrlanganlar yo‘q, yo‘lovchilarning issiqlik ta’minoti nazoratga olingan.

Ayni vaqtda avtobusdagi nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonning Aqtaudagi Bosh konsulligi vaziyatni nazoratga olgan.

12 yanvar kuni Polisia.kz sayti xabar berishicha, Qozog‘istonning Qo‘stanay oblastidagi yo‘lda yana bir o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatilgan.

Ushbu erkak Rossiyadan O‘zbekistonga qaytayotgan bo‘lgan,  «Qo‘stanay-Qorabutoq» avtoyo‘lining 304-kilometrida mashina ariqqa tushib ketgan. Yo‘l bir necha kun davomida tozalangan.

«Men yo‘lda besh kun turdim. Ko‘chada kuchli sovuq edi, bizni turar joy va oziq-ovqat bilan ta’minlashdi. Politsiya xodimlariga ulkan minnatdorchiligimni bildiraman», — degan haydovchi.

  • 11 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti hududida, «Samara—Chimkent» avtomobil yo‘lida O‘zbekistonning jami 69 nafar fuqarosi bo‘lgan ikki avtobus noqulay ob-havo tufayli yo‘lda qolib ketdi. Ular evakuatsiya qilinib, maktab va masjid binolariga joylashtirilgan.
  • Shuningdek, Chimkent viloyati hududida «Toshkent-Almati» yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi avtobusi buzilib qoldi va undagi 34 nafar O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatilib, ular mehmonxonaga joylashtirilgan.
  • O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston hududida noqulay ob-havo kunlarida qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlar mamlakatning Ostonadagi elchixonasi (+717 2954252), Olmaota (+7273902616) va Aqtau (+77292777117)dagi bosh konsulliklariga murojaat qilishlarini eslatib o‘tgan.
Mavzuga oid
Top