19:30 / 31.01.2023
17061

Imtiyoz, qulaylik va yo‘qolayotgan byurokratiya – bojxona tizimida nimalar o‘zgardi?

2017 yilda bitta transport vositasi chegara-bojxona postini kesib o‘tishi uchun o‘rtacha 65 daqiqa vaqt sarflagan. Hozirda ushbu vaqt qisqarib, 37 daqiqaga tushdi.

Foto: KUN.UZ

Yaqin tarixgacha O‘zbekistonning chegara-bojxona postiga kirib kelgan yuk mashinasi soatlab turib qolar, hujjatlarni rasmiylashtirish haydovchilar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘lardi. Bojxona tizimi mamlakat iqtisodiyoti zanjirining muhim bir halqasi ekanligi sohada ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirila boshlangach yaqqol sezildi. Bu fikr raqamlarda ham aks etmoqda.

2017-2022 yillar misolida ayrim statistik raqamlarga e’tibor qaratilsa, sohada qilingan ishlar salmog‘i ham “ko‘zga tashlanadi”. Masalan, 2017 yilda davlat budjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari miqdori 7 trln 588,5 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Mazkur raqam yil sayin o‘sib borib, 2022 yilda 46 trln 24,5 mlrd so‘mga yetgan. Eng yuqori o‘sish 2021-2022 yillar oralig‘ida qayd qilingan – 13 trln so‘mga yaqin. Bojxona to‘lovlari bo‘yicha qo‘llangan imtiyozlar esa 2022 yilda 2017 yildagi 28 trln 642,1 mlrd so‘mdan 56 trln 553,4 mlrd so‘mgacha oshgan.

Berilayotgan imtiyoz va yaratilayotgan qulaylik tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ko‘payishiga ham xizmat qilgan. Xususan, 2017 yilda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari soni 10 654 nafar bo‘lsa, 2019 yilda 31 079 nafarga yetgan. 2020 yilda pandemiya tufayli 26 236 nafarga tushgan bu raqam yil sayin yana o‘sib, 2022 yilda 27 338 nafar bo‘lgan.

Bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirishga sarflangan o‘rtacha vaqt 2022 yilda 2017 yildagi 9 soat 18 soniyadan 3 soat 6 daqiqa 26 soniyaga qisqardi. Bu oldin bitta bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirishga sarflangan o‘rtacha vaqtga hozirda 3 ta rasmiylashtirilyapti degani.

Chegara bojxona postlari orqali harakatlangan avtotransport vositalari soni ham yildan yilga ortib bormoqda: 2017 yilda 484 683 ta, 2022 yilda 2 379 488 ta. 2020 yilda pandemiya tufayli chegara bojxona postlari orqali harakatlangan avtotransport vositalari soni keskin kamaygan – 934 697 ta.

Avtotransport vositalarining chegara-bojxona postidan o‘tishga sarflangan o‘rtacha vaqti 2017 yilda 65, 2018 yilda 58, 2019 yilda 55, 2021 yilda 52 hamda 2022 yilda 37 daqiqani tashkil etgan. Faqatgina 2020 yilda qo‘shimcha sanitariya epidemiologik tekshiruvlar talab qilingani bois bu vaqt 72 daqiqaga cho‘zilgan.

Shuningdek, eksportda 86 foiz va importda 76 foiz tovarlar soddalashtirilgan tartibda, ya’ni bojxona ko‘rigisiz faqatgina hujjatli tekshiruv asosida rasmiylashtirish tartibi qo‘llanmoqda. Umumiy rasmiylashtiruv vaqti eksportda 4,5 barobar, importda esa 2 barobar qisqargan. Tovarlarni ekspertizadan o‘tkazish esa 6 barobarga kamayib, samaradorlik 3 barobarga ortgan.

O‘zgarishlar, qulayliklar yaratilishi bojxona tizimini oldingi “ishing tushsa soching oqaradigan” darajadan tobora raqamlashib borayotgan sohaga aylantirdi. Bu o‘z navbatida tashqi iqtisodiy faoliyat o‘sishiga xizmat qilmoqda.  

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Top