21:06 / 14.02.2023
10994

Nikki Heyli AQSh prezidentligi uchun nomzodini qo‘yishini e’lon qildi 

U Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod bo‘lish uchun Donald Tramp bilan kurashadi. 

Foto: Reuters

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq doimiy vakili va Respublikachilar partiyasi a’zosi Nikki Heyli 2024 yilgi saylovlarda AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishini e’lon qildi. 

Uning saylovdagi raqibi AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp bo‘ladi. Avvalroq Heyli xonim agar Donald Tramp o‘z nomzodini qo‘yish niyatini bildirsa, saylovda qatnashmasligini aytgan edi. 

Ayol o‘z murojaatida kelib chiqishi hindistonlik ekanini, irqiy segregatsiya sharoitida katta bo‘lganini va AQSh yangi avlod yetakchilariga muhtoj ekanini ta’kidladi. 

«Ba’zilar o‘tmishimizni Qo‘shma Shtatlarning asosiy tamoyillari yomon ekanligiga dalil deb hisoblaydi. Ba’zilar ozodlikni va’da qilish soxta ekanini aytadi. Ba’zilar g‘oyalarimizni nafaqat noto‘g‘ri, balki irqiy kamsituvchi va zulmkor deb o‘ylaydi. Ammo hech narsa haqiqatdan yiroq bo‘lishi mumkin emas», dedi u. 

Nikki Heyli 1972 yilda tug‘ilgan. 2004 yilda Janubiy Karolina shtatida Vakillar palatasiga saylangan. Bu lavozimda u birinchi amerikalik hind bo‘lgan edi. 2011 yildan 2017 yilgacha Janubiy Karolina gubernatori lavozimida ishlagan. 2017-2018 yillarda AQShning BMTdagi doimiy vakili bo‘lgan. 

Donald Tramp 2022 yil noyabrida AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qildi. Nikki Heyli Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod bo‘lish uchun aynan u bilan kurashadi. 

Qo‘shma Shtatlarning amaldagi prezidenti Jo Bayden hali qayta saylanish bo‘yicha yakuniy qarorga kelgani yo‘q. 

Mavzuga oid
Top