09:34 / 25.02.2023
7333

AQSh hukumati Vekselbergning mulkini musodara qilish uchun sudga murojaat qildi

AQSh federal prokuraturasi Viktor Veskelbergning jami 75 million dollarlik oltita mulkini xatlovga olishni talab qilmoqda.

Viktor Veskelberg / Foto: Bloomberg

AQSh federal prokuraturasi Nyu-York va Floridada rossiyalik tadbirkor Viktor Vekselberg bilan bog‘liq oltita mulkni xatlovga olishni so‘ramoqda, bu haqda AQSh Adliya vazirligining 24 fevral, juma kuni e’lon qilingan press-relizida aytilgan. Qayd etilishicha, Manhetten sudiga fuqaroviy musodara qilish to‘g‘risida qo‘zg‘atilgan da’vo bo‘yicha aktivlarning umumiy qiymati 75 million dollarni tashkil etadi.

Xususan, gap Vekselbergning Nyu-York shahridagi, Nyu-York shtatining Sauthempton shahridagi, shuningdek, Florida shtati Fisher orolidagi ko‘chmas mulki haqida boryapti. AQSh rasmiylariga ko‘ra, ushbu mulk sanksiyalarni buzgan holda olingan va xalqaro pul yuvish sxemasiga jalb qilingan mablag‘lar evaziga xarid qilingan.

"Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining bir yilligi munosabati bilan berilgan bugungi da’vo Viktor Vekselbergga tegishli bo‘lgan, uning sherigi Vladimir Voronchenko tomonidan millionlab dollarni AQShga o‘tkazish yo‘li orqali qo‘lga kiritilgan oltita hashamatli mulkni musodara qilishni ko‘zda tutadi. Ushbu shikoyatni berish orqali, Qo‘shma Shtatlar sanksiyalarni buzgan va pul yuvish bilan shug‘ullanuvchilarga xabar yuboradi, Qo‘shma Shtatlar jinoyatdan olingan daromadlarni musodara qilish uchun barcha mavjud vositalarni ishga soladi va bu pullarni yangi qabul qilingan qonunga muvofiq Ukrainadagi ittifoqchilarimizga yordam berish uchun ishlatadi", dedi advokat Demian Uillyams.

Top