20:43 / 10.03.2023
14103

Ziroat Mirziyoyeva eko-faollar bilan birga daraxt ekdi

Toshkentda ekologiya faollari tadbiri o‘tkazildi. 

Foto: Zamin fondi

«Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva shaharni ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida qatnashdi.

O‘zbekistonning birinchi xonimi eko-faollar bilan birgalikda Toshkent shahrining Anhor kanali bo‘yida chinor, eman, qayin, zarang va shumtol daraxtlarini ekishda ishtirok etgan.

PS: Mirziyoyeva Ziroát Maxmúdovna (1964 yil 4 dekabr kuni tug‘ilgan, Qo‘qon shahri, Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston SSR) – jamoat arbobi, muhandis-iqtisodchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rafiqasi.

Ziroat Mirziyoyeva 1964 yil 4 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini (hozirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti) muhandis-iqtisodchi ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. Ikki nafar qizi va bir nafar o‘g‘li bor. Mumtoz va milliy musiqani xush ko‘radi, tarix bilan qiziqadi.

2020 yildan buyon O‘zbekistonda ochiq va inklyuziv muhitni yaratish orqali aholining yordamga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlash va ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha qator xayriya loyihalarini amalga oshirayotgan “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisidir.

Fond faoliyatining ustuvor yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilishdan iborat. Ko‘kalamzorlashtirish, havo sifati monitoringini avtomatlashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlar orasida ekologik ta’limni rivojlantirish, olis hududlarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Ijtimoiy va ekologik sohalardagi dolzarb masalalarga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida ham milliy, ham xalqaro darajada qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Top