15:53 / 20.03.2023
25649

Osiyo chempionlari taqdirlandi (video)

Osiyo U-20 Kubogida g‘olib chiqib, Indoneziyada o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘l olgan O‘zbekiston yoshlar jamoasi futbolchi va murabbiylari taqdirlandi. 

«Bunyodkor» stadionida o‘tgan tadbirda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov, prezident maslahatchisi Odil Abdurahmonov, sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov va boshqa rasmiy shaxslar qatnashib, chempionlarga o‘z tilaklarini bildirishdi.

Jamoa sardori Umarali Rahmonaliyev so‘zga chiqib, jamoa ertadanoq jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlashini aytib, katta yutuqlar oldinda ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng futbolchilarga «prezident sovg‘asi» — «Lacetti Gentra» avtomobillari topshirildi.

Marosim yakuniga yetgach, ayrim o‘yinchilar bilan suhbatlashdik. Turnirning eng yaxshi futbolchisi Abbos Fayzullayevdan «Xorijdan takliflar bo‘ldimi?» deb so‘raganimizda quyidagicha javob berdi: «Hozircha bu borada gaplashmadik. Hatto hali uyimizga borganimiz ham yo‘q (kuladi). Hushimizni yig‘ib olgach, o‘ylab ko‘ramiz. 

Bu darajaga kelishimda ota-onam va rahmatli tog‘amning xizmatlari katta. Ulardan minnatdorman. Bu — boshlanishi. Olg‘a borishda davom etamiz».

Jamoaning himoya chizig‘i ishonchli o‘yin ko‘rsatib, turnirdagi 6 o‘yinda atigi 1 bor to‘p o‘tkazib yubordi. Markaziy himoyachi Abduqodir Husanov bilan gaplashganimizda bu natijaga erishish oson bo‘lmaganini, ayniqsa, Avstraliyaga qarshi chorakfinal bahsi og‘ir kechganini aytdi.

Chap qanot himoyachisi Mahmudjon Mahamadjonovning bobosi nabirasi haqida gapirib, uning yoshligidan paypoqlarni to‘plab, koptok qilib tepib yurganini, bu kunlarga kelish uchun ancha ter to‘kkanini esga oldi.

Xullas, taqdirlash marosimi ko‘tarinki ruhda o‘tdi va chempionlar uyga avtomobillarda qaytishdi.

Muxbir — A’zamjon Izzatillayev,
Tasvirchi va montaj ustasi — Abduqodir To‘lqinov

Top