Jahon | 12:47 / 23.02.2026
12968
5 daqiqa o‘qiladi

Meksikadagi eng yirik kartel rahbari o‘ldirildi

El Mencho Meksika armiyasi tomonidan yo‘q qilinishi ortidan ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonlik avj oldi. Xalisko shtatida favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Foto: Reuters

Meksikaning «Xalisko yangi avlodi» (Cartel Jalisco Nueva Generación — CJNG) narkokarteli rahbari, El Mencho laqabi bilan tanilgan Nemesio Osegera Servantes harbiy amaliyot chog‘ida o‘ldirildi.

Meksika mudofaa vazirligi xabar berishicha, amaliyot mamlakat g‘arbidagi Tapalpa shahrida o‘tkazilgan. Qurolli to‘qnashuv chog‘ida jarohatlangan El Mencho vertolyotda shifoxonaga olib ketilayotganida jon bergan. Kartelning yana to‘rt a’zosi o‘ldirilgan, ikki kishi og‘ir jarohat olgan. Harbiylar orasida ham uch kishi jarohatlangan.

Narkosindikat 2010 yilda Xalisko shtatida yuzaga kelgan, ammo tez orada o‘z ta’sirini butun mamlakat bo‘ylab yoygan. Sobiq politsiyachi bo‘lgan El Mencho AQShga katta miqdordagi kokain, metamfetamin va fentanil kontrabandasi bilan shug‘ullangan kuchli jinoiy tashkilotni tuzgan. AQSh uning qayerdaligini aniqlashga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot e’lon qilgandi.

Meksika mudofaa vazirligi amaliyotni tayyorlashga yordam bergan ma’lumotlar AQSh tomonidan yuborilganini qayd etgan. Reyd chog‘ida zirhlangan avtomobillar va qurollar, jumladan, granatomyotlar musodara qilingan.

Xalisko shtati gubernatori Pablo Lemus Navarro ijtimoiy tarmoqlarda kartel a’zolari va Meksika qurolli kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lganini tasdiqladi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi. Uning aytishicha, kuch tuzilmalari paydo bo‘lishiga javoban kartel bilan bog‘liq noma’lum shaxslar operatsiya o‘tkazilishiga qarshilik ko‘rsatish uchun avtomashinalarga o‘t qo‘yib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygan.

El Mencho halok bo‘lganidan keyin Zapopan shahrida jangarilar avtobusga o‘t qo‘yib, undan yo‘lni to‘sish uchun foydalangan.

Kartel yetakchisining o‘ldirilishi darhol zo‘ravonlik to‘lqinini boshlab berdi: mamlakatning sakkizta shtatida «Xalisko» jangarilari avtomobillarga o‘t qo‘yishgan, yo‘llarni to‘sishgan va xavfsizlik kuchlariga hujumlar uyushtirgan.

Foto: Videodan kadr

Xalisko shtatida favqulodda holat rejimi joriy etildi. Ayrim hududlarda jamoat transporti harakati to‘xtatilgan, aholiga esa binolardan chiqmaslik tavsiya qilingan. Shtat markazi Gvadalaharada ham transport vositalariga o‘t qo‘yish holatlari kuzatilgan – shu yil yozida ushbu shahar futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishi kerak.

Puerto-Valyarta va Gvadalahara aeroportlari vaqtincha reyslarni qabul qilmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchilarning aerovokzal binolari ichida panoh topishga uringani aks etgan videolar tarqalmoqda.

Foto: Videodan kadr

AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau El Menchoning yo‘q qilinishini «Meksika, AQSh, Lotin Amerikasi va butun dunyo uchun ulkan voqea» deb atadi. Tartibsizliklar fonida AQShning Meksikadagi elchixonasi Xalisko, Tamaulipas, Michoakan, Gerrero va Nuevo-Leon shtatlarida bo‘lib turgan Amerika fuqarolariga boshpanalardan chiqmaslikni tavsiya qilgan.

El Menchoning yo‘q qilinishi Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaumning narkokartellarga qarshi kurashidagi muhim yutug‘i bo‘lib ko‘rinadi, deya qayd etadi BBC muxbiri Uill Grant. Bu muvaffaqiyat uning AQSh prezidenti, tez-tez Meksikani narkotuzilmalarga qarshi faolroq kurashishga chaqirib keladigan Donald Tramp bilan munosabatlari yaxshilanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ammo agar hokimiyat zo‘ravonlik avj olishini tezda to‘xtata olmasa, g‘alaba hissi xiralashishi mumkin.

«Xalisko Yangi avlodi karteli» o‘ziga xos shafqatsizligi bilan mashhur: sindikat jangarilari bir marta armiya vertolyotini granatomyotdan urib tushirgan, turli vaqtlarda o‘nlab amaldorlarni o‘ldirgan va raqiblarini qo‘rqitish uchun o‘ldirilganlarning jasadlarini ko‘priklarga osib qo‘ygan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid