O‘zbekiston | 19:39 / 03.11.2022
9240
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda endigi islohotlar ta’lim va tibbiyotga qaratilishi kerak” - Shiksin Chen

O‘zbekiston iqtisodiy forumida so‘z olgan Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiksin Chen mamlakat rasmiylarini ta’lim va sog‘liqni saqlashga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi. U aholisining katta qismi yoshlardan iborat mamlakat uchun ta’lim va tibbiyot ayniqsa muhimligini qayd etdi.

Shiksin Chen / Foto: Kun.uz

Samarqandda o‘tayotgan O‘zbekiston iqtisodiy forumining birinchi yalpi majlisida so‘zlagan Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiksin Chen o‘z nutqida mamlakatdagi ta’lim va tibbiyotni modernizatsiya qilishning muhimligini ta’kidladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“O‘zbekistonda 2020 yilgi pandemiya sharoitida ham islohotlar amalga oshirildi, bu esa mamlakatdagi iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga yordam berdi. Bu yutuqlarga asoslanib, Osiyo taraqqiyot banki yaqinda O‘zbekistonga iqtisodiyotni va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million dollar miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratishni ma’qulladi.

Mamlakatdagi keyingi islohotlar ta’lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratilishi kerak.

Bu – raqamli iqtisodiyotdagi dolzarb vazifalarning kuchayishi, demografik dividend va O‘zbekistonda yoshlarning yuqori ulushi mavjudligi, fan, texnologiya va injiniring rolini kuchaytirish zarurati bilan bog‘liq”, – dedi Shiksin Chen.

Mavzuga oid