Qoraqalpog‘istondagi tuman va shaharlarga vazirlar va banklar biriktirildi. Tadbirkorlarga 3 yillik soliq imtiyozlari beriladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
«Oxirgi to‘rt yilda o‘nlab yirik to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa zamonaviy sanoat korxonalari qurilishi hisobiga Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarish hajmi 2 barobar o‘sgan. Yangi suv tarmoqlari qurilishi natijasida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 40 foizdan 67 foizga yetdi. 241 ta maktab, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport obektlari yangidan qurildi, kapital ta'mirlandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Murat Kamalovni Jo‘qorg‘i Kenges raisligiga saylangani bilan tabriklab, o‘ta mas'uliyatli vazifada muvaffaqiyat tiladi.
«Yangi rahbar faoliyatining eng muhim yo‘nalishi «xalqning dardini eshitish va masalalarini hal etish» bo‘lishi kerak. Buning uchun tinimsiz izlanish, mehnat qilish, xalq bilan maslahatlashib ishlash zarur. Qoraqalpog‘istonda elni sevgan, bilimli, fidoyi yoshlar ko‘p. Ularni birlashtirib, natija qilish, el-yurtga manfaat olib kelish kerak», dedi davlat rahbari.
Qoraqalpog‘istonda barcha sohalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar ishlab chiqilgani ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, har bir tumanda 2tadan faoliyat turi o‘ziga xos «o‘sish nuqta»si etib belgilangan.
Prezident barcha 16ta tumanni yanada ravnaq toptirish maqsadida mazkur «o‘sish nuqtalari» bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari 3 yil muddatga yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, kichik korxonalarning aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat'iy miqdordagi daromad solig‘idan ozod etilishini ta'kidladi.
Bundan tashqari, taraqqiyot darajasi past bo‘lgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida yangi tashkil etiladigan sanoat korxonalariga ham 3 yil muddatga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.
Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga kuchli turtki berish, muammolarni tezkor hal etish uchun ularga vazirlar va banklar biriktirildi.
Yig‘ilishda kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan o‘nta ustuvor yo‘nalish belgilandi.
Birinchisi – tumanlar va mahallalarni jadal rivojlantirish, ikkinchisi – aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘lsa, uchinchisi doirasida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Orol muammosining salbiy ta'sirini yumshatish sa'y-harakatlari to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Beshinchisi etib xizmat ko‘rsatish sohasi salohiyatini to‘liq ishga solish, oltinchisi o‘laroq qishloq xo‘jaligini rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Yettinchidan, aholini uy-joy bilan ta'minlash borasida ishlar tashkil qilinsa, sakkizinchidan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga e'tibor qaratiladi.
To‘qqizinchi ustuvor yo‘nalish etib yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa, o‘ninchisi doirasida jinoyatchilikning oldini olish masalalari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Prezident mamlakat yigit-qizlarini mazkur hudud hayoti bilan tanishtirish maqsadida kelgusi yili Qoraqalpog‘istonda Yoshlar festivali tashkil etish taklifini bildirgan.
Mavzuga oid
07:40 / 17.07.2024
O‘zbekistonda shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi
10:26 / 02.07.2024
Qoraqalpog‘istonda 15 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini amalga oshirishda qonun talablari buzilgan – Raqobat qo‘mitasi
12:31 / 01.07.2024
Uchta hududda xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi
08:27 / 20.06.2024