O‘zbekiston | 22:12 / 05.09.2025
3796
4 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilikni sodda tilda sharhlovchi Adliya TV internet sahifasi ishga tushiriladi

Prezident huzurida adliya, davlat xizmatlari, notarial xizmatlarni raqamlashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 sentabr kuni adliya tizimida davlat xizmatlarini kengaytirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, davlat idoralari o‘rtasida elektron hamkorlik yetarli emasligi byurokratik to‘siqlarga sabab bo‘lmoqda. 200 dan ortiq davlat xizmati hamon eskicha usulda ko‘rsatilyapti. Chekka hududlarda aholining xizmatlardan mustaqil foydalanish imkoniyati cheklangan. Shu bois, taqdimotda davlat xizmatlarini yanada ko‘paytirish va osonlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Rejaga ko‘ra, kelgusi uch yilda davlat xizmatlari 900 taga yetkaziladi. Yiliga 80 ta xizmat «3 qadam» tamoyili asosida soddalashtiriladi. Aholi gavjum joylar va olis mahallalarda 1 ming 100 ta interaktiv kiosk o‘rnatiladi.

Fuqarolardan 30 turdagi hujjatni talab etish bekor qilinadi. Xususan, FHDYo organida nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rik natijalari, mudofaa bo‘limlarida harbiy xizmatga majburlarning turar joyi o‘zgarganligi haqidagi hujjat so‘ralmaydi, bu ma’lumotlar axborot tizimlari orqali onlayn olinadi.

Bugungi kunda notariuslar odamlarga 80 dan ortiq turdagi xizmat ko‘rsatyapti. Lekin onlayn xizmatlar ulushi juda kam – 11 foiz. Davlat rahbari raqamlashtirish orqali fuqarolarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidladi. 2025-2027 yillarda bosqichma-bosqich 20 ta notarial harakat onlayn rasmiylashtirishga o‘tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, notarial xizmatlar ko‘rsatishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini talab qilish bekor qilinib, buni Face-ID orqali aniqlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Respublika sud ekspertiza markazida 64 turdagi ekspertiza o‘tkazilyapti. Lekin hududlarda buning yarmi ham yo‘q. Shuning uchun ekspertiza bo‘yicha yangicha yondashuv qilish, hududiy ekspertiza markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, bu orqali ulardagi ekspertiza turlarini qo‘shimcha ravishda 15 tadan 25 tagacha ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Ekspertizaning yangi turlarini joriy etishda raqamli texnologiyalardan, inson omili yo‘q dasturlardan keng foydalaniladi. Surishtiruv, tergov organlari va ekspertiza muassasalari o‘rtasidagi hujjatlar almashinuvi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Avtohalokat joyini 3D modellashtirish, videotexnika va fototexnika ekspertizasi kabi yangi xizmatlar tatbiq etiladi.

Nodavlat sud ekspertiza faoliyatini kengaytirish, sud eksperti sifatida alohida byuro ochgan holda mustaqil ish yuritishga ruxsat berish, O‘zbekiston Sud ekspertlari palatasini tashkil etish bo‘yicha takliflar ma’qullandi.

Odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish ham muhim. Shu maqsadda «Aqlli targ‘ibot» asosida aholi va tadbirkorlarga yangi hujjatlar haqidagi ma’lumotlarni manzilli tarzda, elektron tizimlar orqali yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Qonunchilikni mutaxassislar ishtirokida sodda tilda sharhlab boruvchi «Adliya TV» internet sahifasi ishga tushiriladi.

Islohotlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishda mutasaddilarning tashabbuskorligi, javobgarligi, mas’uliyati va vakolatlarini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois, o‘z sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar huzuridagi organlarga ham idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish vakolati beriladi.

Bunday hujjatlarni qabul qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va muddatlari soddalashtiriladi. Natijada idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning o‘rtacha muddati 2 barobarga qisqaradi.

Taqdimot yakunida mazkur takliflarni amalga oshirish bo‘yicha farmon va qarorlar imzolandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid