Jahon | 22:40 / 06.01.2026
7050
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi auksionda tuna balig‘i millionlab dollarga sotildi

Yaponiyada «tuna qiroli» deb ataladigan va sushi restoranlari tarmog‘iga egalik qiladigan restorator Kiyoshi Kimura baliq uchun 3,2 million dollar taklif qilib, auksion g‘olibi bo‘ldi.

Foto: Getty images

Yaponiyada yilning an’anaviy ilk auksionida yana bir narx rekordi o‘rnatildi: ko‘k qanotli tuna balig‘i bir necha million dollarga sotildi. Bu haqda BBC News xabar berdi.

Auksion Tokiodagi Toyosu Market bozorida bo‘lib o‘tdi, u 2018 yildan beri mamlakatning asosiy baliq bozori va mashhur Sukiji Market davomchisi hisoblanadi.

Qayd qilinishicha, og‘irligi 243 kg bo‘lgan tuna balig‘i 510 million iyena (taxminan 3,2 million dollarga) sotildi.

Savdo g‘olibi Yaponiyada «tuna qiroli» deb ataladigan va sushi restoranlari tarmog‘iga egalik qiladigan restorator Kiyoshi Kimura bo‘ldi. Endi baliq tarmoq restoranlarida sushi va sashimi tayyorlash uchun ishlatiladi.

Rekord narxga qaramay, ekspertlarning ta’kidlashicha: bunday bitimlar baliqning o‘rtacha bozor qiymatini aks ettirmaydi, balki ramziy va reklama xarakteriga ega.

Yaponiyada baliq auksionlari mamlakatning gastronomik va iqtisodiy madaniyatining muhim qismidir. Yilning birinchi auksioni yanvar oyi boshida o‘tkaziladi va «omad keltiruvchi» marosim hisoblanadi. Narxlar ko‘pincha odatdagidan o‘nlab marta oshib ketadi.

Ko‘k qanotli tuna balig‘i – sushi uchun eng nufuzli baliq va elita restoranlarda ishlatiladi. Yaponlar uni farovonlik va mavqe bilan bog‘laydi.

Odatdagi kunlarda tuna balig‘i bir necha barobar arzon sotiladi. Millionlagan auksion narxlar - kamyob va media-shouning bir qismidir. Auksionlarda ulgurji savdogarlar, restoran egalari, yirik umumiy ovqatlanish tarmoqlari ishtirok etadi.

Tuna balig‘ining rekord auksionlari muntazam ravishda jahon ommaviy axborot vositalarining yangiliklariga aylanib, Yaponiyaning gastronomiya, an’analar va biznes chambarchas bog‘liq bo‘lgan dengiz mahsulotlariga o‘ziga xos munosabatini ta’kidlaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid