Texnologiya | 22:15 / 24.03.2026
882
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Oyda ulkan energiya kamarini qurmoqchi – bu insoniyatni energiya bilan ta’minlaydi

Yaponiya Oyni 11 ming km uzunlikdagi quyosh panellari bilan o‘rashni va Yer aholisi uchun energiya ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Foto: Shimizu Corp

Oy butun Yerni kecha-yu kunduz energiya bilan ta’minlaydigan ulkan quyosh elektr stansiyasiga aylanishi mumkin. Yapon muhandislari tabiiy yo‘ldoshni ekvator bo‘ylab o‘rab oladigan ulkan quyosh panellari halqasi konsepsiyasini taqdim etdi. «Oy halqasi» deb nomlangan ushbu ulkan loyiha haqida Dailygalaxy ilmiy portali xabar berdi.

Shimizu korporatsiyasining yangi texnologiyasi sayyoramizdagi ob-havo yoki kun va tunning o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lmagan toza energiya oqimini va’da qiladi, deyiladi maqolada. Rejada kengligi qariyb 400 kilometr bo‘lgan quyoshli belbog‘ qurish ko‘zda tutilgan. Uning uzunligi aql bovar qilmaydigan 11 ming kilometrni tashkil etadi, bu Oy ekvatorining uzunligiga teng.

Korporatsiyaning ta’kidlashicha, qurilish yer ustidagi odamlarning bevosita ishtirokisiz amalga oshiriladi. Asosiy ishchilar robotlar bo‘ladi, odamlar esa jarayonni Yerdan - masofadan turib boshqaradi. Aksariyat materiallarni o‘sha joyning o‘zida qazib olish rejalashtirilgan. Oy regoliti (tuproq) beton va shisha ishlab chiqarish uchun asos bo‘ladi, chunki Yerdan yuklarni tashish juda qimmat.

Olimlar qurilishga tayyorgarlikni 2035 yilda boshlashni kutmoqda. Ularning ta’kidlashicha, tizimning samaradorligi rekord darajada bo‘ladi, chunki Oyda atmosfera yo‘q, demak, bulutlar ham yo‘q. Quyosh panellari to‘liq quvvatda uzluksiz ishlaydi. Shimiz hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday halqa 13 ming teravattgacha energiya ishlab chiqara oladi, bu butun insoniyat ehtiyojidan bir necha baravar ko‘pdir.

Asosiy masala – bu energiyani Yerga qanday yetkazish. Buning uchun mikroto‘lqinlar va kuchli lazerdan foydalanish rejalashtirilgan. Oyning ko‘rinadigan tomonidagi maxsus antennalar nurlarni sayyoramizdagi qabul qilish stansiyalariga yo‘naltiradi.

Loyiha bekorga paydo bo‘lmagan - bu 2011 yilda Fukusimadagi falokatdan keyin Yaponiyadagi energiya inqiroziga javobdir. Mamlakat atom stansiyalariga muqobillarni izlamoqda va koinot ideal maydonga o‘xshayapti. Biroq qiyinchiliklar yetarli. Masalan, qurilish narxi hozircha aytilmayapti, ammo summa aniq astronomik bo‘ladi. Oy changi yana bir jiddiy to‘siqdir, chunki u juda tajovuzkor. Mayda zarrachalar texnikani ishdan chiqarishi yoki quyosh panellari yuzasini to‘sib qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, bunday miqyosdagi loyihani bir mamlakat kuchi bilan amalga oshirib bo‘lmaydi va xalqaro hamkorlik hamda yangi kosmik qonunchilik talab etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid