Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qariyb 4 yil oldin qizini ayiq qafasiga uloqtirgan ona endi uni pichoqlab o‘ldirdi
2022 yil yanvarida Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan ayiq qafasiga tashlab yuborilgan qizaloq qotillik qurboni bo‘ldi: joriy yil avgust oyi boshida ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqqan ona bu safar qizini pichoqlab o‘ldirdi.
Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi ayol o‘z qizining qotiliga aylandi. Bu haqda «Millar» dasturida xabar qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1991 yilda tug‘ilgan Zilola To‘laganova maktabga chiqqaniga 1 hafta bo‘lgan 7 yoshli qizi Zarina Ahadovaga oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazgan. Qizaloq olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Sergeli tumanidagi «Ziyolilar» MFY vakilining aytishicha, ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanib kelgan ayolga 2025 yil 2 avgust kuni shifoxonadan javob berilgandi.
«Bu ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanayotgandi. 2 avgust kuni u shifoxonadan chiqarilgan, ko‘chirma bilan berilgan, ambulator davolanishga yozib berishgan. Xonadonga mahalla yettiligi bilan borib, o‘rganib, suhbatlar o‘tkazib bordik. Ayolning holati yaxshi edi, savollarga yaxshi javob berdi. 2 nafar farzandi bor, bir qiz va bir o‘g‘il. Kutmagandik lekin. Hamdardlik bildiramiz yaqinlariga», degan u.
Holat yuzasidan Sergeli tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ayol protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qotillik qurboniga aylangan Zarina Ahadova 2022 yil yanvar oyida Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan to‘siq ortidan ayiqning qafasiga tashlab yuborilgandi. Kavkaz ayig‘i qizga yaqinlashib, hidlab ko‘rib, so‘ng ortiga qaytgan. O‘shanda bog‘ ishchilari ayiqni ichki xonaga chaqirib olishgan edi. Qizaloqda ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi aniqlangan, bir muddatdan so‘ng uning ahvoli yaxshilangan va uyiga javob berilgan.
O‘shanda prokuratura tomonidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi 2-qismi «v» bandi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda, ya’ni aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi ochilgandi. Ayol psixonevrologik dispanser ro‘yxatida turgani, oilada bosimga uchragani va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘lgandi.
Bosh prokuratura ayolga tegishli jinoyat ishini unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni hal qilish uchun sudga yuborgandi. Ayol «umrbod ruhiy xastalik bilan betoblanib kelgan», shu bois u tergov va sudda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish qobiliyatiga ega emas, deb ma’lum qilingan.
Mavzuga oid
09:00 / 07.04.2026
Sergeli tumanida avtobusda yong‘in chiqdi
13:47 / 04.04.2026
Qo‘qonda bank xodimining qotilligi: jinoyat qanday ro‘y bergan?
20:37 / 02.04.2026
Farg‘onada bank xodimi mijozni o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yubordi
13:51 / 26.03.2026