O‘zbekiston | 15:10 / 14.05.2020
22876
13 daqiqa o‘qiladi

«Ma'lumotlarning kamligi shubha-gumonlar ortishiga sabab bo‘ladi» – Deputat Sardoba fojiasi haqida

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Obidjon Latipov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Sardobadagi fojianing yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan omillar, tizimli muammolar va mazkur fojiadan chiqariladigan xulosalar haqida so‘z yuritdi.

– Obidjon aka, Sardoba fojiasi kecha yoki bugun paydo bo‘lgan muammolarimizning mahsuli emas. Bu yillar davomida shakllanib kelgan tizimli muammolarimiz mahsuli. Deylik, korrupsiya, tenderlardagi “tanish-bilishchilik” yoki qurilishning sifatli amalga oshirilmasligi. Afsuski, Sardoba suv ombori halokatidan keyin bu masala yana kun tartibiga chiqib turibdi. Demak, yana “o‘yinlar” davom etgan. Shunday emasmi?

– Sardoba fojiasi juda ko‘p, shu paytgacha bo‘lib kelgan kasallik, illatlarning belgisi, tibbiyot tili bilan aytganda, isitmasi, deyishimiz mumkin. U kasallik qanchalik chuqur ildiz otganligini yaqqol isbotlab, ko‘rsatib bergan belgi sifatida namoyon bo‘ldi. Go‘yoki, tashqaridan ma'lumot sifatida qaraydigan bo‘lsak, bu birgina hodisa.

Aslini olganda, kengroq yondashadigan bo‘lsak, kuzatishni yaqin va undan oldingi kunlarimizga suradigan bo‘lsak, xuddi shunaqa fojialar avval ham bo‘lganligini, metro qurilishi bilan bog‘liq voqeani misol qilib keltirishimiz mumkin. Yunusobod yo‘nalishi metrosi qurilishidagi hodisaga ham yomg‘ir sabab deb ko‘rsatildi. Insonlar halok bo‘lganini ko‘rdik. Vodiyda poyezdlarning qulab tushishi bilan bog‘liq holatlar bo‘ldi va shunga o‘xshash voqealar, namunaviy uylar bilan bog‘liq sifatsiz qurilishlar natijasida kelib chiqqan muammoli vaziyatlarni ko‘rdik. Bu ikkita narsaga jiddiy e'tibor qaratishimiz kerakligini ko‘rsatib berdi, deb aytolaman.

Birinchisi, davlat xaridlari yoki davlat buyurtmalari bilan bog‘liq jarayonlarning shaffofligi. Davlat budjeti tomonidan moliyalashtiriladigan xarajatlar, harakatlar, tashkil etilgan chora-tadbirlarning shaffofligi, ya'ni budjetning chiqim qismi qanchalik shaffof, degan masalani kun tartibiga yaqqol olib kelib qo‘ydi.

Hozir biz juda ko‘p muhokama qilyapmiz. Lekin muhokama qilishga arzirli ma'lumotning o‘zi yo‘q. Suv ombori kichkinagina obekt emas. Bu yo‘l qurilishi yoki ko‘prik qurilishi emasligini tan olaylik. Strategik obekt nuqtai nazaridan u bilan bog‘liq xarajatlar va uning tarkibi allaqachon ommaga yetkazilgan bo‘lishi kerak, allaqachon mavjud bo‘lishi kerak.

Biz hatto halokatdan keyin ham bilmaymiz bu narsalarni. Ma'lumotlar nima uchun e'lon qilinmaganligi juda ajablanarli holat. Shu nuqtai nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, o‘sha davlat xaridlari va buyurtmalarida shaffoflik jiddiy masala ekanligi birinchi o‘ringa chiqdi.

Judayam muhimligi jihatidan ikkinchi masala – bu kadrlar masalasi. Bu xohlaymizmi-xohlamaymizmi, eskicha fikrlaydigan, qolipda qotib qolgan, faqatgina buyruq berilganda, “xo‘p bo‘ladi, bajaramiz”, deydigan eski tizim kadrlari bugungi kun talabiga javob bermasligini ko‘rsatib berdi.

Chunki zamon talabiga ko‘ra, “xo‘p bo‘ladi, bajaramiz” emas, mutaxassislarning hisob-kitobi bilan, ular ko‘zda tutgan ehtimoliy xavf-xatarlarni inobatga olgan holda bo‘lishi kerak. Bu ikkinchi asosiy masala.

Ya'ni biz bugungi kun talabiga javob beradigan kadrlarga ega bo‘lishimiz kerak. Ehtimol, qaysidir sohalarga ko‘proq hissa qo‘shgandir, lekin eskicha fikrlaydigan, qotib qolgan eski kadrlardan voz kechish davri keldi, deb o‘ylayman. Bundan keyin yana e'tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan bir nechta nuqtalar bor.

Mana, fojia yuz berganiga bir necha kun o‘tdi. Lekin haligacha jurnalist va blogerlarning ochiq ma'lumotlar asosida tayyorlagan surishtiruvlarinigina o‘qiyapmiz. Voqeaga guvoh bo‘lgan, shu qurilishda ishlagan, lekin nomini aytishga qo‘rqayotgan odamlar orqaligina ma'lumotga ega bo‘lyapmiz. Afsuski, bu haqda haligicha na matbuot anjumani tashkil etildi, na bir rasmiy ma'lumot berildi.

– Shuni aytib o‘tib ketishim kerak, deb hisoblayman. Birinchisi, bu jarayonga rasmiy munosabatning judayam kamligi va ommaga yetarli ma'lumotning taqdim etilmayotganligi. Odatda, bunaqa keng ko‘lamli holatlarda rasmiylar tomonidan shoshilinch ravishda va maksimal darajada to‘laqonli ma'lumot berishga harakat qilinadi. Nima uchun?

Bu boya aytib o‘tganimizdek, turli mish-mishlar va xavotirlar urchib ketishining oldini oladi. Vaholanki, bir haftadan oshiq vaqt o‘tdi, to‘laqonli rasmiy ma'lumotni ko‘rmayapmiz va yana bir tomonini aytib o‘tishni xohlardim, jurnalistik kuzatuv yoki voqea joyidan reportajlar bilan bog‘liq masalalarda ham jarayon judayam sust ketyapti. Bir martagina ko‘rdik, “Human.uz” sayti jurnalisti Mavjuda Mirzayevaning borgani va uning operatori bilan bog‘liq noxush hodisa bo‘lganligini – bu shubha-gumonlarni yanada orttirsa orttirdiki, bizga jarayonni to‘laqonli bilish uchun informatsion ehtiyojni qoldirishga yordam bermayapti.

– Meni ayni paytda o‘ylantirayotgan yana bir masala – Yunusoboddagi metro qurilishidagi fojia yuz berganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Bu bo‘yicha hukumat komissiyasi ham tuzilgan edi. Lekin mana shuncha vaqt o‘tdiki, to‘laqonli tahlil, yakuniy xulosalar jamoatchilikka taqdim qilingani yo‘q. Bu o‘z-o‘zidan savol tug‘diradi. Bu safar ham hukumat komissiyasi tashkil etildi. Eng qizig‘i, ayni paytda jamoatchilikning diqqat-markazida bo‘lib turgan ayrim shaxslar, shu tizimning rahbarlari komissiyaga kiritilganiga qanday baho berasiz?

– Ushbu masala bo‘yicha men alohida chiqish qilgan edim. Bu voqea 1 may kuni sodir bo‘lgan bo‘lsa, 2 may kuni bu mavzuda katta post e'lon qilganman. O‘sha postda xuddi siz berayotgan savol bo‘yicha masalalarni ko‘targan edim. Hukumat komissiyasi tuzish bilan masalani yechish mantiqan noto‘g‘ri.

Chunki istaymizmi-yo‘qmi, siz aytayotgan shaxslarga nisbatan shubha bo‘lmagan taqdirda ham, jarayonni o‘rganishni ularga topshirish noto‘g‘ri bo‘lar edi. Chunki ijro organiga o‘zi yoki qo‘l ostidagilar bajargan ishning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlashni topshirish mantiqan olib qaralganda o‘ziga o‘zi baho berish bilan barobar.

Shu nuqtai nazardan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan maxsus komissiya tuzilishining o‘zi noto‘g‘ri, deb hisoblayman. Shuning uchun ham taklif sifatida kiritgandimki, parlament komissiyasi tuzilishi kerak va jarayon parlament komissiyasi orqali o‘rganilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki parlamentni biz bilamiz, nazorat funksiyasi bor va shu nuqtai nazardan ham bu maqsadli bo‘lardi.

To‘g‘ri eslab o‘tdingiz, Yunusoboddagi fojia bo‘yicha hukumat komissiyasi ishi qanday ekanligiga shu paytgacha baho bera olganimiz yo‘q. Chunki ochiqlikni ko‘rmadik va bu ikkinchi shubhani tug‘diradiki, bu jarayonda ham hukumat komissiyasi qanchalik samarali ishlashi mavhumligicha qoladi.

– Sardoba fojiasidan qanday xulosalar chiqarishimiz kerak? U bizga nimalarni o‘rgatdi?

– Korrupsiya natijasida xalq boyligi talon-toroj qilingan holatlarning ko‘p ekanligini mana shu Sardoba fojiasi ko‘rsatib berdi, deb bemalol aytishimiz mumkin. Bu birinchi asosiy nuqta. Ikkinchi asosiy nuqta – kadrlar masalasi. Boya aytib o‘tganim.

Hozir yana bir bora xulosani aytishim kerak, deb o‘ylayman. Bizga samimiy, xalqqa xizmat qilishni diliga tukkan, xolis, halol kadrlar juda ham muhim ekanligini bugungi holat ko‘rsatib turibdi. Shuningdek, jurnalistlar bilan muloqot qilishni xohlamaydigan, jurnalistlarga qarshi kurashadigan, ma'lum bir muammo matbuotga chiqib ketishining oldini olish uchun kurashadigan, xalqqa ishonch bermaydigan mansabdorlardan tezroq voz kechishimiz kerakligini ko‘rsatdi.

Davlatning xalqqa, xalqning davlatga ishonchini oshirishni xohlaydigan bo‘lsak, o‘sha ishonchni mustahkamlaydigan kadrlarga ehtiyojimiz bor. Mansabdorlar ma'lumotni xalqqa taqdim etishdan qo‘rqmasligi kerak. Ko‘proq ma'lumot berish uning shaffof ekanligini, mansabdorning legitimligini kafolatlashini his qiladigan mansabdorlarga ega bo‘lishimiz kerak.

Shu talablarga javob bermaydigan mansabdorlardan mutlaqo voz kechish kerak va imkon boricha tezroq. Bu qaysi darajadagi mansabda bo‘lishidan qat'i nazar. Uchinchi xulosa esa, mana shunday texnogen tusdagi fojialar bo‘lgan paytda jurnalistlarning, rasmiylarning ommaga ma'lumot yetkazish mas'uliyatini oshirish kerak. Chunki ma'lumot kamligining o‘zi xatarni ko‘paytiradi.

Odamlar xotirjamlikka ega bo‘lmaydi. Ertangi kuni aniq bo‘lmasa, mana uy-joyi, mol-mulkidan ayrildi 10 minglab insonlar, albatta, ertaga hayotim qanday kechadi, degan savolga javob ololmasa, ularda xavotir bo‘ladi. O‘sha xavotirning oldini olish uchun ham rasmiy ma'lumotlar, ham jurnalistik tahlillar natijasida yetkaziladigan ma'lumotlarning zarurligini, operativ ma'lumotlar taqdim etilishi kerakligini ko‘rsatib berdi bu jarayon.

– Fojia yuz bergan hududda 50 ta ko‘p qavatli binolarning qurilayotgani, ammo o‘sha yerda yashovchi uysiz, mol-mulksiz qolgan aholidan ularga ko‘p qavatli uy yoki tomorqa kerakligi  so‘ralmayotganligi ham og‘riqli masala va qachongacha fojia yuz berganda uning tovonini davlat yoki xalq to‘lashi kerak? Shu qurilishni amalga oshirgan kompaniya javobgar bo‘lishi kerak emasmi oqibatlar uchun?

– Umuman olganda, fikringizga qo‘shilaman, javobgar bo‘lishi kerak. Ya'ni har bir inson o‘zining bajargan ishini, oqibatining javobgarligini olishi kerak. Hatto buning mexanizmlari ham mavjud. Masalan, buyurtmaning hajmi yuz million so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, uni nazoratdan o‘tkazish bosqichlari bo‘lgandan keyin shartlar boshidan kelishib olinadi.

Foto: Davergeodezkadastr

Siz aytgandek, xalqning, davlatning pulidan to‘lanmasligi uchun haqning 50 million so‘mi ma'lum bir bosqichda beriladi, 20 millioni ma'lum bir bosqichda beriladi, bitganidan so‘ng, tekshiruv va sinovdan to‘liq o‘tib bo‘lganidan keyin ikki yil, uch yil, o‘n yil, yigirma yilda beriladigan qismlari bo‘ladi. Qonunchilikda shu mexanizmlarni mukammallashtirish kerak. Ya'ni talafotni kimdir kompensatsiya qilishi. Hammasi joyida bo‘lsa, buyurtmani bajarganlarga ana shu pul beriladi. Agar muammo kelib chiqsa, o‘sha zaxiraga olib qo‘yilgan puldan to‘lanishi shartnomada belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak.

– Hech bo‘lmasa, sug‘urta mexanizmlari bor. Suv ombori talafotga sabab bo‘lishi ehtimoli katta loyiha hisoblanadi. Bunday ehtimol bor ekanmi, sug‘urtalab qo‘yilganida siz bilan biz hozir buni muhokama qilib o‘tirmagan bo‘lardik.

– Gap shundaki, biz hali ushbu obekt sug‘urtalangan yoki sug‘urtalanmaganligini ham bilmaymiz. Chunki boya aytib o‘tganimdek, hozir suhbatlashayotgan narsalarning tahlillari, taxminlari ko‘pligining asosiy sababi – rasman tasdiqlangan aniq ma'lumotlarning kamligi. Ma'lumotlarning kamligi shubha-gumonlarning ortishiga sabab bo‘ladi.

Mening fikrimcha, parlamentning parallel ravishda alohida komissiyasi ham tuzilishi kerak. Hukumat komissiyasidan xulosasi farqli bo‘lishi mumkin bo‘lsa ham. Balki bu kimlargadir erish tuyular, parlament komissiyasi ham tuzilib, uning xulosasi o‘rganilishi kerak.

Komissiyada o‘rganilayotgan ma'lumotlar ommaga yetkazilib turilishi kerak. Kerak bo‘lsa, deyarli har kuni. Chunki bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘n minglab fuqarolarning taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan jarayon. Shunchaki, kabinetlarda 5-10 kishining yig‘ilishi bilan hal bo‘ladigan masala emas.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid