O‘zbekiston | 21:01 / 14.07.2020
11915
8 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 iyul kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta'minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yarim yildan buyon butun dunyo kuchaytirilgan karantin sharoitida yashamoqda. Bu murakkab davrda hamma davlatlarda eng asosiy muammo aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, daromad bilan ta'minlash bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda ishsizlarning 732 ming nafari yoshlar, 834 ming nafari xotin-qizlardir.

Yoshlar muammolarini samarali hal etish maqsadida joriy yil 30 iyunda «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq, yoshlar siyosatini yuritishda davlat idoralari oldiga masala qo‘ya oladigan, zarur vakolat va moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.

Xotin-qizlar bilan ishlash uchun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida vertikal tizim yaratildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari yoshlar va xotin-qizlarning muammolarini hal etish muhimligini ta'kidlab, bu borada alohida e'tibor qaratish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Yig‘ilishda mehnat bozoridagi bugungi talab va yoshlarning ularga tayyorligi masalasi ham tahlil qilindi.

Joriy o‘quv yilida 339ta kasb-hunar maktablari, 212ta kollej, 175ta texnikumda 215 ming nafar yoshlarning ta'lim olishi rejalashtirilgan. Lekin bu ta'lim maskanlaridagi yo‘nalishlar na son, na sifat bo‘yicha talabga javob beradi.

Misol uchun, mamlakatda katta ko‘lamda qurilishlar bo‘layotgan bugungi davrda yiliga kamida 50 ming nafar professional quruvchiga ehtiyoj bor. Biroq, qurilish yo‘nalishida 170ta kollejda 13 ming mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan, xolos.

Yoki IT-texnologiyalar bo‘yicha «Bir million dasturchi» loyihasi boshlanganiga qaramay, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarga ushbu mutaxassisliklar bo‘yicha bor-yo‘g‘i 12 ming nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Davlat rahbari bu kabi kamchiliklarni ko‘rsatib, mehnat bozorida ishchi kasblarga real ehtiyojni har bir tarmoq va soha kesimida aniqlash, talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘qitish dasturi ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Tog‘-kon, metallurgiya, neft-gaz, kimyo, avtomobilsozlik, qurilish, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat, transport-logistika sohasidagi yirik korxonalar va klasterlar davlat bergan imtiyoz va preferensiyalarga javoban o‘zlari uchun ishchi-mutaxassislarni tayyorlaydigan infratuzilmani barpo etishlari kerakligi ta'kidlandi. Mutasaddilarga shu bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tijorat banklari bilan birga yoshlarni zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Ma'lumki, prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hududlariga safarlari chog‘ida IT-parklarni borib ko‘radi, axborot texnologiyalari bo‘yicha loyihalarga alohida ahamiyat qaratadi. Chunki bu sohada yoshlarni ish bilan, yuqori daromad bilan ta'minlash uchun katta imkoniyatlar bor.

Videoselektor yig‘ilishida ham bu masalaga to‘xtalib o‘tildi. Har bir tuman va shahar Yoshlar ishlari bo‘limlari va oliy o‘quv yurtlari qoshida axborot texnologiyalariga o‘qitish markazlari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Joriy yilda 380 ming nafar ishsiz yoshning bandligini ta'minlash bo‘yicha shahar va tumanlar kesimida «manzilli reja»lar ishlab chiqilib, mahalliy kengashlarda tasdiqlangan edi. Natijada o‘tgan olti oyda 270 ming nafar yigit-qiz ishga joylashtirildi.

Yig‘ilishda dastur ijrosi hamma joyda ham birdek bajarilmayotgani qayd etilib, mas'ullar ogohlantirib o‘tildi. 

Yil yakunigacha yoshlarning 360 milliard so‘mlik 2 ming 200ta loyihasini amalga oshirish orqali kamida 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ta'kidlandi.

Yoshlar uchun yana bir muhim yangilik – Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi qoshida Venchur fond tashkil etilishi belgilandi. Ushbu jamg‘armaga dastlab 1 million dollar yo‘naltiriladi.

Shuningdek, startap loyihalar tanlovini tashkil etish orqali joriy yilda har bir viloyatda kamida 10ta, kelgusi yildan boshlab yiliga kamida 20ta eng yaxshi startap loyihalarga 50 milliondan 200 million so‘mgacha grant ajratiladi. Bundan tashqari, quduq qazish, sug‘orish vositalari xarid qilish, issiqxona o‘rnatish, urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun yoshlarga subsidiyalar beriladi.

Yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, bank va boshqa sohalar bo‘yicha konsalting xizmatlari xarajatlari qoplanadi. Prezident ushbu chora-tadbirlar bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash, ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.

Hududlarda 20 mingga yaqin ayol og‘ir turmush sharoitida yashashi, shundan ko‘plari profilaktik hisobda turishi afsus bilan qayd etildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga 33 ming 380 nafar ayolni hayotga motivatsiyalash va kasbga o‘rgatish bo‘yicha qisqa o‘quv kurslarini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Har bir tuman va shahar kesimida ayollar biznes loyihalari ro‘yxatini shakllantirib, oyma-oy moliyalashtirish, xotin-qizlar tadbirkorligi dasturi doirasida soddalashtirilgan kreditlar va grantlar ajratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mikroqarz olish niyatidagi yoshlar va ayollar tadbirkorlikka bepul o‘qitilib, yiliga 5 ming nafar yoshlar va ayollarning bandligi ta'minlanadi. 14 iyulda imzolangan tadbirkorlikni hamda kichik sanoat zonalarini rivojlantirishni moliyalashtirishga doir Prezident qarorida, jumladan, ushbu maqsadlarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2 million dollar kredit ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘ yoshlar va ayollar ishsizligi yuqori bo‘lgan qishloq joylarda imtiyozli mikroqarz ajratish uchun mikromoliya va nodavlat tashkilotlarga beriladi. Chunki bunday nodavlat tashkilotlar banklarga qaraganda kam resurslar bilan ham o‘qitib, 2-3 baravar ko‘p ish o‘rni yaratayapti. Kredit qaytimi ham banklarga qaraganda ancha yuqori.

Shu bois nodavlat tashkilotlar o‘rtasida tanlov o‘tkazib, eng yaxshi o‘quv markaziga grant ajratish tizimi joriy etilishi belgilandi.

Jahon bankining 2 million dollar mablag‘i doirasida 15 ming nafar ayolning bandligini ta'minlash loyihalarini jadallashtirish muhimligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar, Andijon, Namangan va Farg‘ona tajribasi bo‘yicha mazkur viloyatlar hokimlarining hisoboti eshitildi.

Davlat rahbari tomonidan ko‘rilayotgan bu chora-tadbirlar zamirida ikkita eng asosiy maqsad – yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta'minlash, natijada oilalarga barqaror daromad manbai yaratish maqsadi mujassam. 

Mavzuga oid