Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda. 

So‘nggi yillarda poytaxtda ulkan o‘zgarishlar yuz bergani ta’kidlandi. 

O‘tgan to‘qqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya 2017 yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi.

Shaharda tijorat maydonlari 14 karra ko‘payib, 67 million kvadrat metrga yetdi, tadbirkorlar soni 140 mingga yaqinlashdi.

Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va ko‘ngilochar obektlar «tungi iqtisodiyot»ni rivojlantirdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari soni 3 mingdan oshdi.

«Shahar piyodalar uchun» tamoyili asosida mahalla va ko‘chalarda ijobiy o‘zgarishlarni odamlar kundalik hayotida sezayotganini o‘zlari aytmoqda. Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi.

Uy-joylar qurish ko‘lami ham keskin oshdi. Avvallari Toshkentda yiliga ko‘pi bilan 2-2,5 ming xonadon qurilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 15,5 mingdan oshdi.

So‘nggi uch yilda 3,5 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, poytaxt aholisi va tadbirkorlarning elektr ta’minotini yaxshilash boshlandi. Kelasi yili ham bu maqsadlarga yana 1,5 trillion so‘m beriladi.

Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi to‘qqiz yilda 2,5 barobar o‘sib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga ko‘paydi.

Natijada kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Ya’ni Toshkent shahrida kambag‘allik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi.

Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili o‘rtacha 100 mingdan ko‘payib, 2030 yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirib, 15 ming dollarga yetkazish reja qilingan.

Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, ta’lim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.