Jahon | 08:43 / 23.01.2026
6528
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina va AQSh bilan ilk uch tomonlama muzokaralarni o‘tkazadi

Rossiya, AQSh va Ukrainadan iborat uch tomonlama ishchi guruhning birinchi uchrashuvi 23 yanvar kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi. 

Foto: RIA Novosti

Bu haqda shu kuni ertalab RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov telefon brifingida ma’lum qildi. Brifing Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha Donald Tramp vakillari bilan RF prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga bag‘ishlangan.

“Kelishib olindiki, bugun, ya’ni juma kuni, 23 yanvarda, Abu-Dabida xavfsizlik masalalari bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi”, — dedi Ushakov. Uning bayonoti yozuvi TASS davlat axborot agentligi saytida e’lon qilingan.

Ushakovning aniqlashtirishicha, Rossiya delegatsiyasi allaqachon shakllantirilgan va yaqin soatlar ichida Amirliklarga uchib ketadi. Delegatsiya tarkibiga RF Mudofaa vazirligi rahbariyati vakillari kiradi, ularga RF QQ Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘i (2010 yilgacha — Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi, GRU) admiral Igor Kostyukov boshchilik qiladi.

Kremlda 23 yanvarga o‘tar kechasi yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSh tomonidan AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff, Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum, shuningdek Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etgan.

2017 yil yanvaridan 2021 yil yanvarigacha Trampning katta maslahatchisi lavozimida ishlagan Kushner hozir AQSh ma’muriyatida rasmiy lavozimga ega emas, biroq u qaynotasiga ta’sirini saqlab qolgan va Oq uyning diplomatik hamda siyosiy tashabbuslarida ishtirok etadi.

Josh Gryunbaum — AQSh Umumiy xizmatlar ma’muriyatidagi Federal xaridlar xizmati komissari bo‘lib, Tramp tomonidan yaqinda tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ga katta maslahatchi etib tayinlangan, u muzokaralarda birinchi marta qatnashdi.

Kremldagi uchrashuvda Rossiya tomonidan Putin va Ushakovdan tashqari RF prezidentining maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) bosh direktori Kirill Dmitriyev ham qatnashgan. Yuriy Ushakovning aytishicha, “muzokaralar to‘rt soatdan ortiq davom etdi va juda mazmunli, konstruktiv, nihoyatda ochiq va ishonchli ruhda o‘tdi”.

Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoff va Kushner Davosda bo‘lib o‘tgan aloqalar, jumladan Trampning Zelenskiy bilan uchrashuvidan olgan taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashgan.

U, shuningdek, Abu-Dabida iqtisodiy masalalar bo‘yicha ikki tomonlama — Rossiya–AQSh guruhi rahbarlari Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyevning ham uchrashuvi bo‘lishini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid