O‘zbekiston | 21:10 / 29.11.2025
6291
2 daqiqa o‘qiladi

Aholidan soliq qarzini undirishda elektr energiyasining billing tizimidan foydalaniladi

Mol-mulk va (yoki) yer solig‘i bo‘yicha qarzi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslardan qarzdorlikni undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalaniladi. Bunday tartib 1 yanvardan sinov tariqasida Namangan viloyatida boshlanadi, keyinroq boshqa hududlarda ham joriy etilishi mumkin. Mexanizmning aniq tafsilotlari ma’lum emas. Avvalroq chiqindidan qarzdorlarning elektr energiyasiga to‘lov qilish imkoniyatini cheklash yo‘lga qo‘yilgan edi.

Foto: Dreamstime

“Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Qarorning 8-bandida yozilishicha, Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifi asosida, 2026 yil 1 yanvardan boshlab Namangan viloyatida yangi soliq boshqaruvi modeli sinovdan o‘tkaziladi.

Eksperiment doirasida jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va (yoki) yer solig‘i bo‘yicha umumiy summasi 1 mln so‘mdan oshgan soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanish joriy etiladi. Mexanizmning to‘liq tafsilotlari hozircha ma’lum emas.

Soliq qo‘mitasi eksperiment natijalari asosida uni boshqa hududlarda joriy etish bo‘yicha takliflarni 2026 yil 1 oktyabrgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.

Qarorga asosan, jismoniy shaxslarning soliq qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari foydalanuvchilariga ilovaning asosiy sahifasida aks ettirib boriladi. Markaziy bankka bu masalada Soliq qo‘mitasiga amaliy yordam ko‘rsatish topshirig‘i berildi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil noyabr oyidan e’tiboran Toshkent shahrida chiqindi to‘lovidan qarzdor abonentlarga elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati cheklab qo‘yila boshlandi. Bunday tartib dekabr oyidan boshqa hududlarda ham yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid