Qirol Charlz III ga rasman toj kiydirildi
Vestminster abbatligidagi Charlz III ga toj kiydirish marosimiga 203 ta davlatdan 2300 mehmon, jumladan, 100 ga yaqin davlat rahbarlari taklif etilgan.
6 may, shanba kuni Vestminster abbatligida Charlz III ga Buyuk Britaniya va Hamdo‘stlikning boshqa davlatlari qiroli sifatida toj kiydirish marosimi bo‘lib o‘tyapti. Natijada, 2022 yil 8 sentabrda rasman taxtga o‘tirgan Charlz III davlat boshlig‘i bo‘ladi hamda mamlakat qonunlarini va o‘zi oliy hukmdori sanaluvchi Anglikan cherkovini himoya qilishga qasamyod keltiradi.
Yaqinlashib kelayotgan yomg‘irga qaramay, Londonda minglab odamlar ko‘chalarda to‘planishdi, ular bo‘ylab monarx va uning rafiqasi, qirolicha-konsort unvoniga ega bo‘lgan Kornuoll hersoginyasi Kamilla o‘tishi kerak.
Marosim xavfsizligi harbiylar tomonidan ta’minlanadi. Britaniyaning BBC media-kompaniyasi xabariga ko‘ra, Londonning Vaterloo vokzaliga butun qirollik garnizonlaridan Vestminster ko‘prigiga jo‘natilgan 5000 nafar qurolli askar yetib kelgan. Bu 1965 yilda bosh vazir Uinston Cherchillning dafn marosimidan beri Britaniya temiryo‘llarida harbiy xizmatchilarning eng yirik harakatidir, deya xabar beradi Network Rail temiryo‘l kompaniyasi.
Toj kiyish marosimi taxminan ikki soat davom etishi kutilmoqda. Unga 203 mamlakatdan 2300 nafar mehmon, jumladan, Britaniya qirollik oilasi a’zolari va 100 ga yaqin davlat rahbarlari taklif etilgan. Taklif qilinganlar orasida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Ispaniya qiroli Filipp VI va qirolicha Letitsiya, Yaponiya valiahd shahzodasi Akishino va Yaponiya valiahd malikasi Kiko, AQShning birinchi xonimi Jil Bayden bor. Amerikaning ABC telekanali eslatishicha, Amerika davlati mustaqillikka erishganidan beri Britaniya monarxining toj kiyish marosimida AQShning bironta ham prezidenti qatnashmagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Ukrainada davom etayotgan urush fonida toj kiydirish marosimiga taklifnoma olmagan. Ayni paytda mehmonlar orasida 5 may kuni AQShdan tijoriy reys bilan Londonga kelgan Sasseks hersogi Charlz III ning o‘g‘li Harri ham bor.
Marosim yakunida Charlz III va hersoginya Kamilla Bukinhem saroyiga boradi.
Charlz III ning toj kiyish marosimi 1066 yildan beri Vestminster abbatligidagi 40-tadbir. Ilgari Uels shahzodasi Charlz unvoniga ega bo‘lgan Charlz III 2022 yil sentabrida onasi qirolicha Yelizaveta II 70 yil taxtda o‘tirganidan so‘ng vafot etganida Buyuk Britaniya va boshqa 14 ta hudud qiroli bo‘ldi.
Mavzuga oid
16:29
Uzoq kutilgan huquqmi yoki qaltis yo‘l? Britaniyadagilar evtanaziya masalasida bahslashmoqda
20:19 / 26.11.2024
Britaniyada dunyodagi eng keksa erkak vafot etdi
19:07 / 26.11.2024
Ukraina armiyasiga yollangan britaniyalik Rossiyada asirlikka tushdi
17:39 / 26.11.2024