Angliyada evtanaziyani joriy etishga birinchi urinish 2014 yilda amalga oshirilgan, ammo o‘shanda qonun loyihasi parlamentdan o‘tmagan. O‘tgan o‘n yil ichida jamiyatning bunga munosabati o‘zgardi. Oktyabr oyida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda britaniyaliklarning 67 foizi evtanaziyani joriy etishni yoqlagan, atigi 13 foizi bunga qarshi, deb yozadi BBC.

Munosib o‘lim huquqi

Hozirda Buyuk Britaniyada o‘z joniga qasd qilishga yordam so‘rab murojaat etish taqiqlangan. Tibbiy ko‘rsatmalarga asoslangan bo‘lsa ham, kimnidir o‘z joniga qasd qilishga undash 14 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar shifokor bedavo kasallikka chalingan bemorning hayotdan ko‘z yumishiga ko‘maklashsa, uning harakatlari umrbod ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanishi mumkin bo‘lgan qotillik sifatida baholanadi.

Qonun loyihasining muallifi, leyboristlar partiyasidan deputat Kim Ledbiter, ushbu loyiha evtanaziyani suiiste’mol qilish va unga majburlashga qarshi dunyodagi eng kuchli kafolatlarni nazarda tutishini ta’kidladi. U Financial Times gazetasiga bergan intervyusida tibbiyot mutaxassislari va huquqshunoslar bilan uzoq maslahatlashganini, shuningdek, evtanaziya joriy etilgan mamlakatlar va hududlardagi tajribani sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.

Uning fikricha, qonun loyihasi nafaqat o‘limga olib keladigan bemorlarga yordam berishni, balki ularni maksimal himoya qilishni ham ko‘zda tutadi.

Xuddi shunday qonun loyihalari hozir Shotlandiyada hamda Britaniyaga tegishli bo‘lgan La-Mansh bo‘g‘ozidagi Jyersi orolida tayyorlanmoqda.

Evtanaziya liberal siyosatchilar va faollar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Britaniya gumanistik assotsiatsiyasi rahbari Endryu Kopsonning fikricha, hayotdan ko‘z yumayotgan bemorlar uchun palliativ parvarish ularni azob-uqubatlardan to‘liq himoya qilolmaydi. Shu sababli, ayrim britaniyaliklar evtanaziyaga ruxsat berilgan mamlakatlarga borishga majbur bo‘lmoqda. Kopsonning tashkiloti sekulyarizm, ateizm va bioetika sohasidagi islohotlarni targ‘ib qiladi.

Kopson uzoq va azobli tarzda hayotdan ko‘z yumgan, evtanaziya haqida orzu qilgan insonlarni misol qilib keltiradi. “Insonning erkinligini kengaytiruvchi barcha liberal ijtimoiy islohotlar o‘z davrida bahslarga sabab bo‘lgan, ammo ular to‘g‘ri bo‘lib chiqqan”, — deb yozadi faol.

Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoat kampaniyasining yuzi sifatida teleboshlovchi Ester Ransen xonim va 38 yoshli musiqa o‘qituvchisi Nataniel Day kabi davosi yo‘q saraton kasalligiga chalingan mashhur shaxslar tanlandi. Ularning ta’kidlashicha, kasallik ularga hayotni qadrlashni o‘rgatgan, shu bilan birga munosib va og‘riqsiz vafot etish huquqining muhimligini ham ko‘rsatgan.