10 qavatli “dom” tomida yana bir “uchastka” qurilmoqda. Vakolatli organ “choy damlash”ga yaraydimi?
Ko‘p qavatli uyda yashovchilar bundan norozi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi qonunbuzarni ogohlantirish bilangina kifoyalangan. Mas’ullar avvalroq Yangihayot tumanida qurilgan xuddi shunday “uchastka” taqdiridan ham bexabar. O‘zboshimchalikka qarshi keskin kurashish chorasi yo‘qmi?
Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasida qurilgan yangi 10 qavatli uyning tom qismida qo‘shimcha uy qurishmoqda.
Turar joyda yashovchilar bu masala yuzasidan may oyi o‘rtalarida prezidentning virtual qabulxonasiga ham murojaat qilishgan. Ammo murojaat yuzasidan haligacha hech qanday rasmiy javob kelmagan.
“10 qavatli “dom”imizning ustida bir emas, ikkita uy qurilyapti. Ularni qurayotganlar biz yashayotgan turar joyning 10-qavatida yashashadi. Har shanba-yakshanba dom oldiga g‘isht, qum tushirishadi. Keyin kran chaqirtirib, qurilish materiallarini domning tepasiga olib chiqishadi. O‘sha yerda ishlayotganlar o‘zlarining oddiy yollanma ishchi ekanliklarini aytishmoqda. Uyning egasi esa yo‘q. Afsuski, bizning uy tepasiga chiqib, vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishimizga yo‘l berishmayapti.
Mahallamiz faollari 10-qavatdan uy olgan va tomdayam uy qurayotgan fuqarolardan biri bilan telefon orqali suhbatda qurilish uchun ruxsati borligini aytgan. Turar joyni qurgan pudratchi ham noqonuniy qurilma qurilayotganini oqlab o‘tiribdi. Aftidan, “dom” tepasida uy qurayotganlar uni rozi qilishgan yoki boshqacha yo‘l bilan o‘zlari tomonga og‘dirishgan deb o‘ylayapmiz.
Bu uyga yetishimiz oson bo‘lgani yo‘q. Hali pudratchi biz bilan shartnoma qilayotganda bergan va’dalarini to‘liq bajargani yo‘q. Aksariyat odamlar uyni qarz olib va ipotekaga sotib olishgan. O‘zim yuqori qavatlardan birida yashayman. Uy poydevori loyiha bo‘yicha 10 qavatli imoratga moslab quriladi. Tepadagi ikkita uy og‘irlik qilib, poydevorlar yorilishi yoki tom o‘pirilib bizning xonadonlarimizga ham zarar yetkazishini istamaymiz”, deydi shu ko‘p qavatli uyda yashovchi, shaxsi sir qolishini so‘ragan fuqaro Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Murojaatchilarning Kun.uz'ga yozishicha, bu yangi turar joy binosining ba’zi loyihalari (bolalar maydonchasi va h.k.) hali qurib berilmagan.
Faqatgina ogohlantirish
Kun.uz Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasi 112-uyning tom qismidagi qurilayotgan inshoot qonunlarga qanchalik muvofiqligi yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasiga murojaat qildi. Inspeksiya “dom” tepasidagi qurilish noqonuniy ekanini tasdiqladi.
“Inspeksiya tomonidan Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasi 112-uy o‘rganilganda, mazkur uyning 69-xonadoni mulkdori tomonidan ko‘p qavatli uyning tom qismiga o‘zboshimchalik bilan yashash uchun qo‘shimcha qurilma qurilayotgani aniqlandi.
Shu bois inspeksiya tomonidan huquqbuzarga loyiha hujjatlaridan chetga chiqqan holda uyning tom qismida qurilayotgan qurilmani buzib, binoni avvalga holatiga qaytarish yuzasidan bajarilishi shart bo‘lgan majburiy ko‘rsatma berildi. Mulkdorga majburiy ko‘rsatma talablari belgilangan muddatga qadar bajarilmagan taqdirda, holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli sud organlariga yuborilishi haqida ogohlantirildi”, deyiladi tahririyatga taqdim etilgan ma’lumotda.
Qurilma noqonuniy, biroq...
Gapning ochig‘i, inspeksiyaning bu vaziyatdagi harakatini onalar yosh bolasini “Yana shu ishni qilsang, “atata” qilaman!” deb qo‘rqitishiga o‘xshatish mumkin. To‘g‘ri-da, qonun buzilganmi – buzilgan. Qonunbuzar aniqmi – aniq. Mas’ul idora shuni ko‘ra-bila turib, jiddiyroq chora ko‘rmayotganini ko‘rib, “Qozi sust bo‘lsa, da’vogar muttaham bo‘lar” degan naql xayolga keladi.
Uzoqqa bormaylik, shu yilning fevralida ham Yangihayot tumanida ko‘p qavatli uyning tom qismida noqonuniy ravishda uy qurilgani aniqlangandi. Qurilish vazirligidan Kun.uz'ga ma’lum qilishlaricha, bu masalada sudga da’vo arizasi kiritilgan va sudning noqonuniy qurilmani majburiy buzishga doir hal qiluv qarori chiqqan. Ishning keyingi tafsilotlari vazirlikka ham, uning mas’ul inspeksiyasiga ham ma’lum emas. MIBdan so‘rab olish tavsiya etildi.
Gapning indallosi shuki, mas’ullar kesib-kesib gapirmasa, quruq ogohlantirishdan nariga o‘tishmasa, bu kabi boshboshdoqliklar hali ko‘p davom etishi, bundan esa fuqarolar jabr ko‘raverishi turgan gap.
Agar jiddiyroq chora ko‘rish uchun vakolatlar yetarli bo‘lmasa, hukumatning qonunchilik tashabbusi vakolatidan unumli foydalanib, amaldagi qonun hujjatlariga shu kabi vaziyatda fuqarolar va davlat manfaatini ishonchliroq himoya qilish imkonini beruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini talab qilish maqsadga muvofiq.
Yo‘qsa, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ham, sohaning nazorat inspeksiyasi ham “faqat ko‘k choy damlay oladigan jin” bo‘lib qolaveradi.
Jamshid Niyozov.
Mavzuga oid
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
17:56 / 13.11.2024
Loydan qurilayotgan “dom” – Izboskanda ko‘p qavatli uy qurilishida sement o‘rniga adir tuprog‘i ishlatilmoqda
16:21 / 11.11.2024
Toshkent shahri havosini eng yomon deb ko‘rsatgan stansiya buzilib qoldi
14:14 / 24.10.2024