Jahon | 23:35 / 09.10.2020
49857
7 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘dagi urush, 13-kun: tinchlik muzokaralari va front janubidagi vaziyat

Juma kuni Moskvada Rossiya, Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari ishtirokida muzokaralar boshlandi. Rossiya TIV binosidagi katta doira stolda armanistonlik vazir Zograb Mnatsakanyan va uning ozarboyjonlik hamkasbi Jayhun Bayramov bir-birining qarshisida o‘tirdi.

Xuddi shu vaqtda Armaniston Stepanakertga yana bir bor raketa zarbasi berilgani haqida xabar qildi. Boku esa Armaniston hududidan uchirilgan ballistik raketa urib tushirilganini ma'lum qildi.

Muzokaralar murakkab vaziyatda boshlandi: uchrashuv boshlanishi arafasida Ozarboyjon prezidenti millatga murojaat qildi. U TIV rahbarlari uchrashuvi «ko‘p narsaga oydinlik kiritishi»ga ishonch bildirgan bo‘lsada, u darhol ogohlantirishga o‘tdi.

«Agar Armaniston Moskvadagi muzokaralarda «Qorabog‘ - Armanistonning yeri» desa, u holda muzokaralar haqida gap bo‘lishi mumkin emas», dedi Ilhom Aliyev.

Armanistonda muzokaralar haqida izoh berishdan tiyilishdi. Ushbu mamlakat tashqi ishlar vazirligi Moskvada nafaqat o‘t ochishni to‘xtatish masalasi, balki gumanitar masalalar ham, jumladan, asirlarni va vafot etgan harbiylarning jasadlarini almashish masalalari ham muhokama qilinishiga umid bildirgan.

Ayni vaqtda muzokaralar davom etmoqda. BBC so‘nggi 24 soat ichida bo‘lib o‘tgan voqealarni keltirgan.

Jabroyilni kim nazorat qilmoqda?
Jabroyil — ikki tomon uchun ham strategik ahamiyatga ega bo‘lgan shahar hisoblanadi. Bu shahar 27 sentabr kuni ozarboyjonlik harbiylar yurishni boshlagan tutashuv chizig‘idan taxminan 20 kilometr ichkarida joylashgan.

1991 yilda bu yerda 6,3 ming kishi yashagan, ammo 1993 yilda shahar to‘la vayron etilgan va shu vaqtgacha uning o‘rnida xarobalar yotadi — bu shaharda yashagan ozarlar armanlar hujumidan qochib shaharni tashlab ketishgan.

Avval Ozarboyjonning Qorabog‘dagi 7 tumanidan birining ma'muriy markazi bo‘lgan ushbu shaharni arman harbiylari 1992-1994 yillardagi urush vaqtida bosib olishgan.

9 oktabr kuni mamlakat mudofaa vazirligi shahar xarobalari ustida Ozarboyjon bayrog‘i ko‘tarilgani tasvirlangan videoni e'lon qildi. Lekin bu chindan ham Jabroyilda olinganini tasdiqlovchi boshqa dalil yo‘q.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ushbu tuman markazi egallangani haqida bir necha kun muqaddam e'lon qilgandi. Armaniston mudofaa vazirligi esa Aliyevning bayonoti «yolg‘on va asossizligi» haqida bayonot bergan.

O‘shanda Armaniston tomoni Ozarboyjon harbiy kuchlari Jabroyilgacha yetib kela olmagani va arman kuchlarining javob hujumi natijasida ortga chekingani haqida ma'lum qilgandi.

Agar ozarboyjonlik harbiylar chindan ham Jabroyilni egallagan bo‘lishsa, bu ular so‘nggi 27 yil ichida ilk bor shahar nazoratini qo‘lga olgan bo‘lishadi.

Bundan tashqari, millatga videomurojaatida Ozarboyjon prezidenti armiya Gadrut shahrini — frontning janubiy uchastkasidagi tuman markazini ham qo‘lga olgani haqida gapirdi.

Gadrut ham egallanganmi?
Juma kuni davomida, ikki tomonning ham xabarlariga ko‘ra, avvaliga frontda o‘zgarishlar bo‘lmadi. Armaniston mudofaa vazirligi ikki marta frontning janubiy uchastkasida shiddatli janglar bo‘lib o‘tgani haqida xabar tarqatdi, Ozarboyjon esa arman pozitsiyalari bo‘ylab muvaffaqiyatli zarbalar berilgani haqida ma'lum qildi.

Stepanakertda snaryadlar portlashi. 9 oktabr
ARIS MESSINIS/AFP

Kun davomida Ozarboyjon mudofaa vazirligi dronlar arman pozitsiyalari va harbiy texnikalariga zarba berayotgani aks etgan yangi videolarini namoyish etdi. E'lon qilingan videolarda harbiy harakatlar Fuzuliy tumani janubida olib borilayotganini ko‘rish mumkin — jurnalistlar sun'iy yo‘ldosh xaritalari orqali harbiy harakatlar joyini osonlik bilan topishdi. Ammo videoyozuvlarning haqiqiyligini tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Juma kuni kunduzi Ozarboyjon prezidenti armiya Gadrut shahrini — frontning janubiy uchastkasidagi muhim shaharni egallagani haqida ma'lumot berdi. Bundan tashqari, Aliyevning qo‘shimcha qilishicha, ozarboyjonlik harbiylar Qorabog‘dagi yana sakkizta aholi punktini egallagan: Chayli, Yuxari Guzlak, Gerazilli, Gishlag, Garadjali, Efendiler, Suleymanli va Sur qishloqlari. Avvalroq Ozarboyjon Madagiz qishlog‘i ham egallanganini ma'lum qilgandi. Bu ma'lumotlar rostligini tasdiqlovchi boshqa manba yo‘q.

Armaniston mudofaa vazirligi esa Aliyevning bayonotini rad etgan. «Men hozir Gadrutdaman va negadir bu yerda faqat armanlarni ko‘ryapman», dedi vazirlik rasmiysi Arsrun Ovannisyan.

Gadrut — ozarboyjonliklar egallanganini da'vo qilayotgan sobiq Tog‘li Qorabog‘ avtonom oblastidagi ilk tuman markazi bo‘ladi. Agar bu ma'lumot tasdiqlansa, tuman markazi egallanishi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Bungacha gap faqat 1992-1994 yillardagi urushda arman harbiylari egallagan hududlarni qaytarib olish haqida borayotgandi, masalan, Jabroyil. Bundan tashqari, Jabroyildan farqli ravishda, Gadrut xarobaga aylanmagan — bu yerda hozir ham to‘rt mingdan ortiq kishi yashaydi.

Bu vaqtda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan uchrashdi - uchrashuv Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hukumatlararo kengashi majlisi doirasida tashkillashtirildi. TASS agentligi ma'lumotiga ko‘ra, muloqot davomida mintaqada harbiy harakatlarni tez orada yakunlash muhimligi qayd etilgan.

Armaniston yon berishga qarshi
Payshanba kuni Armaniston hukumati harbiy holat rejimiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritdi, unga ko‘ra hukumatning harbiy sohadagi harakatlarini tanqid qilish taqiqlanadi.

Shusha shahriga artilleriya zarbalari berilishi boshlangan vaqtda yerto‘laga yashirinayotgan ona va bola. 8 oktabr
ARIS MESSINIS/AFP

Hujjat «davlat organlari va mahalliy boshqaruv organlarining harbiy holat va davlat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha harakatlarini tanqid qiluvchi, rad etuvchi, shuningdek, ushbu harakatlar samaradorligini shubha ostiga qo‘yuvchi yoki qadrsizlantiruvchi» post va materiallarni taqiqlaydi.

Bu o‘z xizmatdoshlariga jang qilish befoydaligi, hukumat baribir yerni topshirishga tayyorlanayotgani haqida gapirgan harbiy xizmatchi qo‘lga olinishi ortidan sodir bo‘ldi.

Shu kuni «Novaya gazeta» jurnalisti Ilya Azar ushbu mamlakatda faoliyat yuritish uchun berilgan akkreditatsiyadan mahrum qilindi. Uning so‘nggi reportajlaridan birining qahramoni Armaniston armiyasining yo‘qotishlari mudofaa vazirligi tomonidan e'lon qilinayotganidan ancha ko‘pligi, frontdagi vaziyat esa achinarli holatda ekani haqida gapirgandi.

Payshanba kuni Shushada jarohatlangan rossiyalik jurnalist Yuriy Kotenok muvaffaqiyatli operatsiya qilingan, u Stepanakertdagi shifoxonadan Yerevanga olib o‘tilgan.

Mavzuga oid