Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda tirbandlikni kamaytirish maqsadida yo‘l harakatini tashkil etish markazi ochiladi
Markaz kameralar va GPS vositalari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qilib, tirbandliklar statistikasini yuritish va ularni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor fazalarini adaptiv tarzda o‘zgartirish, yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan paytda favqulodda xizmatlarni chaqirish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 dekabr kuni Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, aholi va transport vositalari sonining o‘sishi, shahardagi iqtisodiy jarayonlar natijasida yo‘l infratuzilmasiga yuklama keskin ortmoqda. Poytaxtning asosiy transport yo‘laklariga bosim 2 barobar ko‘paygani, so‘nggi yillardagi 7-8 balli tirbandliklar odatiy holga aylangani ko‘rsatib o‘tildi. Jamoat transportidan foydalanish ulushi shaxsiy avtomobillarnikidan kamligicha qolmoqda. Bularning barchasi ekologik holatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda.
Ta’kidlanishicha, dunyo amaliyotida yo‘l harakatini boshqarishning eng samarali usuli sifatida intellektual transport tizimi (ITS) keng qo‘llanilmoqda. Mazkur yondashuvga ko‘ra, shaharlarda harakatni o‘z vaqtida nazorat qilish, tahlilini olib borish va rejalashtirish markazlashgan holda amalga oshiriladi.

Taqdimotda shu maqsadda Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazini yaratish taklif qilindi.
Markaz transport va piyodalar oqimlarini tahlil qilish va modellashtirish, intellektual transport tizimini joriy etish hamda boshqarish, transport master-rejasi va karkasini ishlab chiqish va joriy qilish, elektr quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish, individual harakatlanish vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.
Markaz intellektual transport tizimining operatori hisoblanadi. Mazkur platforma kameralar, datchiklar, GPS vositalari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni, xususan, sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qilib, tirbandliklar statistikasini yuritish va ularni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor fazalarini adaptiv tarzda o‘zgartirish, yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan paytda favqulodda xizmatlarni chaqirish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Tizimning joriy qilinishi natijasida yo‘llarda transport harakatining o‘rtacha vaqti va favqulodda xizmatlarning YTH joyiga yetib kelish vaqti qisqarishi, asosiy yo‘llardagi tirbandliklar hamda yo‘l-transport hodisalari kamayishi kutilmoqda.
Prezident takliflarni ma’qullab, pilot loyihani joriy yilning o‘zidayoq ishga tushirib, kelgusi yillarda uni kengaytirish, 2030 yilga qadar uni hududlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.
Mavzuga oid
09:30
Toshkentda narkokurerga aylangan talabalar fosh etildi
21:26 / 07.12.2025
Toshkentda havoni ifloslantirayotgan korxona rahbariga chora ko‘rildi
18:57 / 07.12.2025
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi
18:31 / 07.12.2025