O‘zbekiston | 16:29 / 01.02.2023
31218
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev energetikadagi muammolar va ular yechimi haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida faollar bilan uchrashib, suhbat qurdi. Yig‘ilishda iqtisodiyot o‘sishi, aholi yashash sharoiti yaxshilanishi bilan bir qatorda, elektr iste’moli ham kundan kunga oshgani ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida elektrga talab 40 foizga ko‘paygan. Shu sababli oxirgi besh yilda 14 ta elektr stansiyasi ishga tushirildi va yillik elektr ishlab chiqarish qo‘shimcha 16 milliard kilovatt soatga ko‘paydi.

Shunga qaramay, bu yil juda sovuq kelgan qish kunlarida respublikada 3,1 milliard kilovatt soat (vodiy viloyatlarida 1,1 mlrd kVt soat) elektr yetishmovchiligi yuzaga keldi. Jumladan, Andijonda - 384 million, Namanganda - 288 million, Farg‘onada - 441 million kilovatt soat.

Ayrim kunlari aholining elektrga talabi birdaniga 30 foizga oshgani, ko‘plab avariyalarga ham sabab bo‘ldi. «Nima uchun mas’ul rahbarlar o‘z hududida yetishmovchilikni qoplash, «yashil energiya»ni joriy qilish, tejamkorlik haqida o‘ylamagan?» - dedi davlat rahbari.

Prezident bu haqdagi chora-tadbirlarni Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari misolida aytib berdi.

Qayd etilishicha, yirik quyosh va shamol stansiyalari loyihalarini tezlashtirish kerak. Bu yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 Megavattli 2 ta quyosh stansiyasi quriladi. Shuningdek, Yangi Andijondagi 192 ta ko‘p qavatli uylar va 6 ta ijtimoiy obektlarni kafolatli issiqlik bilan ta’minlash uchun 20 Megavatt quvvatli ko‘mirda ishlaydigan kogeneratsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu stansiya issiqlik bilan birga yiliga 80 mln kVt soat elektr energiya ishlab chiqaradi. Uning 1-bosqichi joriy yil dekabrda ishga tushadi.

Vodiy viloyatlarida 160 Megavattli quyosh panellari va 100 ta mikro GESlar quriladi. 1 iyulga qadar tadbirkorlar jalb qilinib, Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro GES qurish boshlanadi. Bu ishlarni joylarda to‘g‘ri tashkil etish, masalalarni hal qilish uchun viloyat hokimlarining 1-o‘rinbosarlari mas’ul bo‘ladi va hamma ishlardan ozod qilinadi. Ularga respublika bank rahbarlari biriktiriladi.

Ijtimoiy soha obektlarida «quyosh energiyasi»dan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablag‘ beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi va «yashil energiya»ni budjet korxonasiga sotadi. Shuningdek, bu soha daromadliligini tadbirkorlarga tushuntirib, ularni jalb qilish kerak. Kichik quyosh panelidan olinadigan 1 kilovatt-soat elektr energiya tannarxi o‘rtacha 450 so‘m, budjet tashkilotiga 800 so‘mga sotish mumkin.

Yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatiladi. Vodiyda 1 ming 408 ta yirik korxona mavjud. Umuman, vodiydagi yirik korxonalar o‘zining elektr ehtiyojini 100 foiz o‘zi ta’minlashga o‘tkazish viloyat hokimlari, Energetika vazirligi va tarmoq rahbarlari uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Sanoat korxonalarida quyosh panellari o‘rnatish va kichik stansiyalar qurish uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 2 milliard dollar jalb qilish choralari ko‘riladi.

Mavzuga oid