Jahon | 20:59 / 21.02.2026
4808
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh Oliy sudida yutqazdi. Endi uning agressiv bojlari bekor qilinadimi?

AQSh Oliy sudi oxirgi bir yil ichida dunyoning aksariyat davlatlariga nisbatan joriy etilgan bojlarni noqonuniy deb topdi. Tramp boshqa mamlakatlarga nisbatan embargo kiritishga haqli ekanini ta’kidlab, yangi yig‘imlar bu safar boshqa huquqiy asosda amalga oshirishini bildirdi. Amerika prezidenti amaldagi tariflarga qo‘shimcha ravishda 10 foizlik global boj kiritish bo‘yicha farmon imzolamoqchi.

Donald Trampning Oq uyga ikkinchi bor qaytishi xalqaro savdo siyosatida keskin burilish yasadi. U “Amerika birinchi” shiorini yanada agressiv talqinda ilgari surib, hamkor davlatlarga nisbatan keng ko‘lamli boj tariflarini joriy qildi. Bu qaror nafaqat alohida mamlakatlarga bosim vositasi sifatida xizmat qildi, balki o‘n yilliklar davomida shakllangan global savdo tizimining asoslariga ham zarba berdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan ochiq bozor tamoyillari, ko‘p tomonlama kelishuvlar va Jahon savdo tashkiloti qoidalariga asoslangan tizim jiddiy siyosiy bosim ostida qoldi. Tramp ma’muriyati bojlarni iqtisodiy xavfsizlik, savdo balansidagi taqchillik va milliy sanoatni himoya qilish bilan izohlab kelayotgandi.

Oliy suddagi mag‘lubiyat

AQSh Oliy sudi 20 fevral kuni Tramp tomonidan dunyoning aksariyat davlatlariga nisbatan bir tomonlama tartibda joriy etilgan bojlarni noqonuniy deb topdi. Sudning fikricha, Tramp tariflarni joriy etishda favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunni qo‘llash orqali o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan.

Ushbu qaror Trampning keng ko‘lamli tariflarini huquqiy asosdan mahrum qiladi. Biroq prezident jamoasi sudda yutqazilsa, agressiv savdo siyosatini davom ettirish uchun boshqa huquqiy mexanizmlardan foydalanishga urinishi haqida ogohlantirgandi. Shu bois AQShning ko‘plab hamkorlari yengilliklardan umid qilsa-da, uzoq muddatli istiqbol hali ham noaniqligicha qolyapti.

Umuman olganda, Tramp ikkinchi prezidentlik muddatida 1977 yilgi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga tayanib boshqa mamlakatlarga qarshi tariflar kiritgandi. U xalqaro savdodagi nomutanosiblik AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soladi va bu favqulodda holat rejimini asoslaydi, deya o‘z qarorini izohlab kelayotgandi.

Bir necha kompaniyalar va shtatlar bu amaliyotga qarshi chiqishdi. Quyi instansiyalar ular foydasiga qaror chiqardi, ammo Tramp apellyatsiya bergani uchun ish Oliy sudgacha yetib bordi. Noyabr oyi boshidagi eshituvlar vaqtida hatto konservativ sudyalar ham AQShning deyarli barcha asosiy savdo hamkorlarini xavfsizlikka tahdid deb hisoblash mumkinmi, degan savolni o‘rtaga tashlagandi.

Yakuniy qarorda sud AQSh tariflar joriy qilingan tegishli davlatlarning hammasi bilan urush holatida emasligini ko‘rsatib, tinchlik vaqtida bu choralar prezidentning harbiy vakolatlariga kirmasligini keltirib o‘tdi. Oliy sud qarori olti ovozga qarshi uch ovoz bilan qabul qilindi.

Trampning reaksiyasi

Qaror e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, Tramp favqulodda matbuot anjumani o‘tkazdi. U Oliy sud qaroridan hafsalasi pir bo‘lganini aytib, uning tariflariga qarshi ovoz bergan konservativ sudyalarni “yomon respublikachilar” deb atadi.

Tramp sud qarori prezidentning savdoni tartibga solish va boj joriy etish vakolatlarini “zaiflashtirmadi, aksincha, yanada kuchliroq qildi”, deya ta’kidlab, bojlarni oshirish uchun boshqa mexanizmlardan foydalanishini ma’lum qildi. AQSh prezidenti boshqa davlatlarga nisbatan embargo kiritishga haqli ekanini ta’kidlab, yangi yig‘imlar joriy etilishini, ammo bu safar boshqa huquqiy asosda amalga oshirishini bildirdi. U 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-bo‘limiga tayanib, amaldagi tariflarga qo‘shimcha ravishda 10 foizlik global boj kiritish bo‘yicha farmon imzolashini ma’lum qildi.

“Oq uy Oval kabinetidan turib butun dunyo mamlakatlariga nisbatan darhol kuchga kiradigan 10 foizlik global savdo bojlarini imzolash men uchun katta sharaf”, deya yozdi u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid