Jamiyat | 11:22 / 24.06.2020
26606
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar berilmayapti(mi?)

Kun.uz tahririyatiga 10-sonli Yakkasaroy tumani tez tibbiy yordam bo‘limining koronavirus infeksiyasiga qarshi tashkil etilgan maxsus brigadasi vrachi Baxronov Sherali Muxiddinovichdan qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanmayotgani borasida murojaat kelib tushdi.

Tibbiyot xodimi o‘z murojaatida quyidagilarni ma'lum qiladi:

«2020 yilning 31 martidan 20 iyunigacha koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lib, ularni Virusologiya klinikasi, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasi, TTA 2-klinikasi, 1-sonli shahar klinik shifoxonasi hamda Terapiya va reabilitatsiya ilmiy-amaliy tekshirish markaziga bevosita yotqizishda ishtirok etdim. Ammo, Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi PF-5969 sonli Farmoni xamda 2020 yil 26 martdagi PK-4652 sonli qarori va Respublika Maxsus komissiyasining 2020 yil 30 apreldagi 20-sonli yig‘ilish bayonnomasi bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizomga asosan haligacha 6 foizlik qo‘shimcha to‘lov va maxsus to‘lovni ololganimiz yo‘q».

Shuningdek, u mazkur masalada Prezident portaliga ikki marta murojaat kilganini, biroq hech qanday ijobiy natija bo‘lmaganini ta'kidladi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-sonli Farmonining 17-bandida Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilish topshirilgan edi.

Bundan tashqari, prezidentning 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-sonli qarorida koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan vrach xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun 25 million so‘m (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi amalga oshirilishi belgilangandi. Shuningdek, qarorda mazkur xarajatlar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan edi.

Hozircha ushbu vaziyat bo‘yicha rasmiy idoralardan izoh olib bo‘lmadi.

Umid qilamizki, mas'ul idoralar tez orada bu masalaga e'tibor qaratib, koronavirusga qarshi kurashga jalb qilingan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha va maxsus to‘lovlar to‘lanishini ta'minlab berishadi.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid