O‘zbekiston | 00:16 / 24.03.2021
30775
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijga chiqish pasporti va FHDlarni olishda propiska tartibi bekor bo‘ladi

1 iyundan boshlab, tug‘ilganlik va nikoh tuzilganligi kabi 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.

Foto: KUN.UZ

«Aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga asosan, 2021 yil 1 iyundan quyidagilar eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi:

  • 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini (tug‘ilish, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralish, o‘lim, ism va familiyani o‘zgartirish, otalikni belgilash hamda farzandlikka olishni) qayd etish;
  • nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
  • xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish.

2021 yil 1 maydan xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat bojini elektron shaklda YaIDXP orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.

2021 yil 1 iyundan 16 yoshga to‘lgan shaxslarga ID-kartalari berish ularni soliq to‘lovchi sifatida va pensiya tizimida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.

Notarial harakatlarni amalga oshirishda FHDYo bilan bog‘liq barcha ma'lumotlar fuqarolardan talab qilinmasdan, elektron tizim orqali olinadi.

QR-kod (matrik shtrixli kod) orqali berilgan hujjatlar bo‘yicha ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilindi. Endilikda ushbu hujjatlarning dublikatini YaIDXP orqali bepul olish mumkin.

Tadbirkorlik sub'yekti bo‘lgan yuridik shaxslarning vakiliga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun yig‘im va davlat bojini naqd pul shaklida to‘lashga ruxsat berildi.

Shuningdek, xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimini akkreditatsiya qilishda OITS kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilindi.

2021 yil 1 iyundan:

  • Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona vakolatli organ deb belgilandi.
  • Shuningdek, hozirda ro‘yxatdan o‘tkazishning huquqiy asosiga ega bo‘lmagan davlat organlari va tashkilotlarini, yuridik shaxslar birlashmalari, shirkatlar, matlubot va kooperativlar hamda advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Mavzuga oid