Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident qarori: Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish choralari tasdiqlandi
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ochilib, unga qator vakolatlar berildi. Markaz – poytaxt intellektual transport tizimining operatori bo‘ladi. Bu tizim 2027 yil 1 fevralgacha tayyor bo‘lishi kerak. U orqali, jumladan, avtomobillarning ekologik stikeri rangiga mos bo‘lmagan zonalarga kirishi avtomatik ravishda cheklanadi.
Foto: Kun.uz
Toshkent shahrida tirbandliklarning oldini olish yuzasidan prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan, “Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi” MChJ tashkil etilmoqda.
Markaz quyidagilar bilan shug‘ullanadi:
- zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalarni qo‘llash orqali Toshkent shahrida transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimini uzluksiz monitoring qilish asosida yo‘l harakatini tashkil etish, boshqarish va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, tirbandliklarning oldini olish ishlarini samarali amalga oshirish;
- ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan shahar avtomobil yo‘llari tarmog‘i, ko‘chalar va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va samaradorligini baholash;
- yo‘l va transport sohalaridagi barcha obektlar hamda jarayonlar to‘g‘risidagi yagona ma’lumotlar bazasini, shu jumladan, Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish va ular asosida shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish;
- eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni qo‘llagan holda yo‘l va transport sohalari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha muassasa va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
- jamoat transporti jozibadorligini oshirish, shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishni kamaytirish va aholi mikromobilligini qo‘llab-quvvatlash orqali ekologik vaziyatni yaxshilash;
- yo‘l va transport sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish, investitsiya hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish;
- yo‘l-qurilish, obodonlashtirish va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari maxsus texnikalari harakatlanishi, bajargan ishlari to‘g‘risida va boshqa ma’lumotlarni Toshkent shahrining intellektual transport tizimiga integratsiya qilish va tahlil qilish orqali transport ishlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish hisobiga budjet mablag‘lari sarflanishi samaradorligini oshirish;
- yo‘lbo‘yi pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish va tartibga keltirishga ko‘maklashish;
- hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yo‘llaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil qilish;
- yerusti metro liniyalari hamda yo‘l o‘tkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, avtoturargohlar tashkil qilish;
- yo‘l harakati ishtirokchilarining transport madaniyatini oshirish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, yo‘l-transport hodisalari profilaktikasiga doir boshqa tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot ishlarini olib borish.
Vazirlik va idoralarning ayrim vakolatlari 2028 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatga, huquqiy eksperiment tariqasida Markazga o‘tkaziladi.
Intellektual transport tizimi
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi – hozirda Raqamlashtirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan Toshkent shahri intellektual transport tizimining texnik buyurtmachisi va operatori hisoblanadi. Vazirlik tizimni 2027 yil 1 fevralga qadar tayyorlab topshirishi kerak.
Poytaxtning intellektual transport tizimi quyidagilarni nazarda tutadi:
- videokuzatuv vositalari va sensorlardan foydalangan holda transport, piyoda va yo‘lovchi oqimlari to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ish;
- transport va piyoda (jumladan, individual harakatlanish vositalarini) oqimlarini tahlil qilish asosida svetofor obektlarini boshqarish, shu jumladan, svetofor fazalarini avtomatik tarzda moslashtirish;
- agar harakat jadvalidan chetga chiqilsa, maxsus (tez yordam, yong‘in xavfsizligi xizmati, yo‘l-patrul xizmati) va jamoat transporti vositalari harakatining ustuvorligini ta’minlash;
- avtotransport vositalari, shu jumladan, maxsus texnikalar harakatini monitoring qilish, qurilish hamda maxsus texnikalarning maxsus mexanizm ishini nazorat qilish;
- yuk tashish qoidalariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash maqsadida transport vositalarining og‘irlik va hajm ko‘rsatkichlarini nazorat qilish;
- Intellektual transport tizimini Ekologiya qo‘mitasining Situatsion markaziga integratsiya qilish hamda avtotransport vositalarining normativlarga mosligi darajasini avtomatik baholash tizimi yordamida ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan avtotransport vositalarini aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
- Yo‘l-transport hodisasi xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlash, ular bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va boshqalar.
Qaror bilan, Toshkent shahri transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Mavzuga oid
09:30
Toshkentda narkokurerga aylangan talabalar fosh etildi
21:26 / 07.12.2025
Toshkentda havoni ifloslantirayotgan korxona rahbariga chora ko‘rildi
08:30 / 07.12.2025
Somsaxonalarda reyd, inversiyaning tugashi va mundialdagi raqiblar - hafta dayjesti
21:38 / 06.12.2025