O‘zbekiston | 12:38 / 11.02.2021
9522
3 daqiqa o‘qiladi

Avloniy instituti qayta tashkil etildi. Bu institut faoliyati avvalgisidan qanday farq qiladi?

Prezident qarori bilan Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti ilmiy tekshirish institutiga aylantirilganidan so‘ng institut faoliyatida qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani haqida institut rektori Ayubxon Rajiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida so‘zlab berdi.

«Farqi katta. Avvallari malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti hisoblangan, ya'ni xalq ta'limining rahbar xodimlari, mutaxassislari va o‘qituvchilarning malakasini oshiradigan institut bo‘lgan.

Joriy yilning 25 yanvar kuni prezidentimizning 4963-sonli qarori imzolandi. Bu qaror bilan endilikda Avloniy nomidagi institut Ilmiy tadqiqot institutiga aylantirildi. Avvalgi funksiyasi saqlangan holda, asosiy funksiya sifatida xalq ta'limi muammolarini va istiqbollarini belgilaydigan, muammolarni ilmiy tadqiq qiladigan institutga aylanmoqdamiz.

Umuman olganda funksional vazifasi tubdan farq qiladigan institutga aylanmoqda. Shu bilan birga, hududlarda 14ta malaka oshirish markazlari bor, men bejiz yuqorida malaka oshirish funksiyasi ham saqlab qolindi demadim, sababi, prezident qarori bilan 14ta hududiy markazlar uchta yo‘nalishda Avloniyga bog‘landi. Bular ilmiy, metodik hamda o‘quv yo‘nalishida. Ularning faoliyatini bevosita monitoring qilish, tashkil etishda uslubiy yordam berish kabi ishlarni birgalikda amalga oshirish imkoniga ega bo‘ldik.

Asosiy maqsad - malaka oshirishni yengil va oson jarayonga aylantirish. Qo‘rqinchli, yiqilsa qandaydir chora ko‘riladigan tizim emas, o‘qituvchida ko‘nikmani oshirish ehtiyoji paydo bo‘ldimi, borib, o‘sha platformaga kirib, o‘ziga tegishli bo‘lgan materialni topib, o‘qib, uni sertifikatga aylantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Ayubxon Rajiyev 

Tan olish kerak, bu gaplarni amalga oshirish oson ish emas. Bu yillar davomida to‘planib kelgan muammolardir. Xususan, mazmun va mazmundagi muammolar haqida gap ketganda, buni bir binoni 6 oy ichida qurish bilan tenglashtirmaslik kerak. Mazmunni o‘zgartirish uchun avvalo mazmunni yarata oladigan mutaxassislarni shakllantira olishimiz kerak.

Yillar mobaynida bunday mutaxassislarimizning ko‘nikmalari pasayib ketgan. Kitob yozgin, metodik qo‘llanma yaratgin, jozibador malaka oshirish kurslarini yaratgin desangiz, aksariyat mutaxassislarimiz qiynalishmoqda. Avvalo shunday boshlashimiz kerak va bu yillarni talab etadi. Shu fursatdan foydalanib, Kun.uz’ning mushtariylari orasida o‘qituvchilar, ta'lim sohasi fidoyilari bo‘lsa, mana shu gaplarimni eshitayotgan bo‘lishsa, qars ikki qo‘ldan chiqadi, ya'ni biz ular tomon bir qadam bossak, ular ham biz tomon bir qadam bosishlari kerak. Ya'ni biz bergan malaka oshirish kurslarini chin dildan o‘qishlari, o‘z ustida ishlashni boshlashlari kerak. Aynan bir parcha qog‘oz sertifikat uchun emas, o‘zi fidoyi sifatida o‘z ustida ishlab borishi - biz uchun yutuq hisoblanadi», degan u.

Mavzuga oid