O‘zbekiston | 20:43 / 20.02.2020
55738
8 daqiqa o‘qiladi

«Shariatda inson tabiatiga zid talab yo‘q» - Oksfordda tadqiqot o‘tkazayotgan o‘zbek olimasi bilan suhbat

Ilm – shubhasiz mashaqqatli yo‘l. Bu yo‘ldan borish, ilm-fanda yutuqlarga erishish ayol kishi uchun va ayniqsa o‘zbek jamiyatida oson vazifa emas. Shunday bo‘lsa-da, qat'iy istak, sabr va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan ilmda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan o‘zbek ayollari ham oz emas.

Ana shunday tadqiqotchilardan biri – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 2-bosqich doktoranti Nigora Hakimova ayni kunlarda Oksford universitetining Islomshunoslik markazida ilmiy izlanish bilan band.

Kun.uz'ning Angliyaga safari davomida Oksford shahrida ham bo‘lib, atoqli universitetning Islomshunoslik markazida tadqiqot o‘tayotgan ilk o‘zbek ayoli bilan suhbatlashdik.

Nigora Hakimova universitet shaharchasida olib borayotgan ilmiy tadqiqoti, to‘ylar va ajralishlar, islom ilmini ayollarga o‘qitish masalalari, farzandlari o‘qiyotgan Oksforddagi maktablar, g‘arb madaniyati ichida farzand tarbiyalash va kelgusi rejalari haqida gapirib berdi.

«Bu – Oksfordga ikkinchi marta kelishim. Birinchi marta 2016 yilda kelgandim. Undan oldin 2 yil davomida AQShning Global Engagement instituti tadqiqotchisi bo‘lib, tadqiqotimning natijalari haqida Oksford universitetining dinshunoslik simpoziumida ma'ruza qilgan edim.

Hozirda Buyuk Britaniyaning Chevening dasturi doirasida shu yerda tadqiqot olib boryapman. Tadqiqotim mavzusi – Qaffol Shoshiyning «Mahasinu shariat» asaridagi islom huquqi asoslari.

Qaffol Shoshiyni xalqimiz, xususan Toshkent aholisi Hastimom (Hazrati imom) nomi bilan yaxshi tanishadi. Olimning ilmiy faoliyati ko‘p tomondan o‘rganilgan. Oxirgi paytlarda uning diplomatik qarashlari haqida ham ilmiy ishlar qilindi. Mening tadqiqotim esa Qaffol Shoshiyning islom huquqi asoslari, islom huquqi metodologiyasi, ya'ni usul ul-fiqh rivojiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida.

Men o‘rganayotgan asar – «Mahasinu shariat» aynan fiqhiy kitob bo‘lib, boshqa fiqhiy asarlardan farqi – unda islom huquqi ko‘rsatmalarining mazmun-mohiyatiga e'tibor qaratiladi. Masalan, namozda nima uchun tahorat farz qilindi, deya savol qo‘ygan Qaffol Shoshiy buning mohiyatiga kirishga harakat qiladi.

Shuningdek, muallif asarda islom huquqi ko‘rsatmalari – inson aqliga muvofiq keladigan, aql qabul qiladigan ko‘rsatmalar ekanini isbotlashga harakat qilgan.

Qaffol Shoshiyning bu asariga AQShda olib borgan tadqiqotimiz jarayonida duch keldik. Biz u yerda islom huquqi ko‘rsatmalarini asosan harfiy (shaklan) tushunish va buning oqibatida kelib chiqadigan muammolar ustida ishlagan edik. Bu asar esa – aynan fiqhiy ko‘rsatmalarni harfiy tushunishdan qochish va uning mazmun-mohiyatiga e'tibor berish yo‘nalishida yozilgan ilk asarlardan biri.

Demak, biz asarni o‘rganish orqali X asrda berilgan ba'zi xulosalarni hozirgi kundagi muammolarni yechishda ham qo‘llashimiz mumkin bo‘ladi», – deydi tadqiqotchi.

– Namozdan oldin tahorat olish farz etilgani haqida gapirdingiz. Qaffol Shoshiy bu asarida buning uchun qanday asoslar bor, deb taxmin qiladi?

– Bir narsani alohida aytib o‘tmoqchiman. XIV asrda yashab o‘tgan ulamo Imom Shotibiy maqosid ash-sharia, ya'ni shariat maqsadlari faniga katta hissa qo‘shgan olimlardan hisoblanadi. Uning fikricha, biz ibodatga oid masalalarni harfiy, ya'ni boricha qabul qilamiz, dunyoviy masalalarning esa mohiyatiga qarashga harakat qilamiz. Lekin Qaffol Shoshiy ibodat masalalarini ham mohiyatiga qarab xulosa berishga harakat qilgan kam sonli fiqh olimlaridan sanaladi.

Qaffol Shoshiy ko‘p tillarni bilgani uchun qadimgi yunon falsafiy asarlariga ham murojaat qilgan. Ularda aytilishicha, inson yolg‘iz bo‘lgan holatida tozalikka e'tibor qilishi, yuvinib o‘ziga oro berishi ehtimoli juda kam. Qaffol Shoshiy shundan kelib chiqqan holda, inson Alloh tomonidan ijtimoiy qilib yaratilgani, ya'ni boshqa insonlar bilan o‘zaro munosabatga kirishishiga e'tibor qaratadi. Shuning uchun yuvinib, o‘ziga qarab yurishi uning tabiatida bor.

Demak, boshqa insonlar bilan birgalikda yashar ekanmiz, ozodalikka e'tibor qilishga moyilmiz. Namoz asnosida esa inson o‘z Robbisi bilan uchrashadi, unga yaqinroq bo‘lgan holatda bo‘ladi, shunday ekan nega endi yuvinmasin?

Ya'ni namozdan oldingi tahorat – insonga xos narsa, uning tabiatiga zid talab emas. Aslida, shariatning hamma ko‘rsatmalari insonning aqli, tabiatidan kelib chiqqan holda berilgan, degan nuqtayi nazarni isbotlashga harakat qilgan Qaffol Shoshiy. U shariat normalarini insonning aqli tushunadigan, tafakkuri qabul qiladigan holatda mohiyatini ochib, tushuntirib berishga uringan.

Yana bir narsani aytmoqchiman. Islom dini Markaziy Osiyoga kirib kelguniga qadar bu hudud xalqlarining o‘z dunyoqarashi, o‘z madaniyati bo‘lgan. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo xalqlari savol berishga qiziqishgan. Ularning bundan avval o‘z madaniyati bo‘lgani uchun yangi kirib kelgan narsaga savol bilan ko‘p murojaat qilishgan. Bu nega unday, masalan namoz nima uchun 5 mahal, nega 6 mahal emas?

Qaffol Shoshiy ham asarining kirish qismida yozadi: «Men bu kitobimni menga beriladigan savollarga javob tariqasida yozdim». Demak, bu asarning dunyoga kelishida o‘sha Markaziy Osiyo xalqlarining o‘rni ham juda katta.

Intervyuni batafsil Kun.uz'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Nigora Hakimova – Toshkent islom universitetida islom huquqi yo‘nalishida bakalavriat va magistraturada tahsil olib, so‘ng universitetning Islom huquqi kafedrasida o‘qituvchi, Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy xodim, Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta-maxsus bilim yurtida o‘qituvchi sifatida faoliyat olib borgan.

Hozirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2-bosqich doktoranti sanaluvchi Nigora Hakimova 2019 yil sentabr oyidan buyon Buyuk Britaniyaning Chevening dasturi asosida Oksford islomshunoslik markazida ilmiy izlanish olib boryapti.

1985 yilda asos solingan ilmiy tadqiqot markazi 2016 yilda yangi binoga ko‘chib o‘tgan. 

Islomshunoslik markaziga kirishdagi hollda ilingan ka'bapo‘sh. Ka'bai muazzamaga kirish qismining yaxlit bo‘lagi. Ipakdan to‘qilgan, oltin va kumush suvi bilan Qur'on oyatlari bitilgan. Ka'bapo‘sh har yili almashtirib turiladi. 2004 yilgi bu mato Oksford islomshunoslik markaziga malayziyalik tadbirkor Tan Sri Abdul Rashid Husayn tomonidan sovg‘a qilingan.

Muassasadagi o‘quv xonalaridan biriga Buxoro deb nom berilgan.

Ilmiy markaz namozxonasi 

Mavzuga oid