Jahon | 11:51 / 03.10.2023
10705
2 daqiqa o‘qiladi

Oksford yaqinida «olovli shar». Angliyada yashin urishi tufayli portlash ro‘y berdi

Angliyaning Oksfordshir grafligida chaqmoq urishi chiqindilarni qayta ishlash zavodida gaz portlashiga olib keldi.

Foto: Videodan kadr

Zavodga egalik qiluvchi Severn Trent Green Power kompaniyasi oziq-ovqat chiqindilari biogaz qilib qayta ishlanadigan rezervuardagi gaz portlaganini tasdiqlagan.

Zavod Oksforddan shimoli-g‘arbda joylashgan Kassington qishlog‘ida joylashgan.

Kompaniya portlash va keyin kelib chiqqan yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Yong‘inni o‘chirish ishlariga oltita o‘t o‘chirish mashinasi va 40 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb etilgan.

Portlash tufayli atrofdagi hududlarda elektr ta’minoti uzilib qolgan; yong‘inni o‘chirish vaqtida politsiya Oksfordning shimoliy chekkasidan qo‘shni Aynshem shaharchasiga olib boruvchi shosseni yopgan.

«Men oshxonada o‘tirgandim va birdan hammayoq yorishib ketdi, keyin esa juda kuchli chaqmoqni eslatuvchi qasirlash eshitildi, — degan BBC bilan suhbatda Oksford universiteti xodimi Jyek Fraud. — Men derazadan tashqariga qaradim va osmon to‘qsariq tusda titrayotgandek ko‘rindi. Men bu holatni tasvirga olish uchun hovliga chopib chiqdim, u yigirma soniyadan keyin so‘ndi».

«Avvaliga, miltillash va tutun paydo bo‘lmagunicha, quyosh botyapti deb o‘yladim, — deydi mahalliy aholi vakili, oksfordlik biznesmen Styuart Hosking. — Keyin esa momaqaldiroq paytidagidek gumburlash eshitildi, ammo faqat bir zarba bo‘ldi».

Qoidaga ko‘ra, Angliyada oktyabr oyida momaqaldiroq juda kam ro‘y beradi. Bu yil meteorologlar ularni noodatiy yuqori harorat bilan bog‘lashmoqda. Ularning prognozlariga ko‘ra, Angliya janubi-sharqida momaqaldiroqlar yana bir necha kun davom etadi.

Mavzuga oid