Iqtisodiyot | 19:09 / 29.07.2021
35846
3 daqiqa o‘qiladi

Maqsadim gazni chetga sotmaslik, xalqimiz manfaatlari va sanoatga yo‘naltirish – Shavkat Mirziyoyev

29 iyul kuni OKMK qoshidagi 3-boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshini qo‘yishga bag‘ishlangan tadbirda nutq so‘zlagan davlat rahbari O‘zbekistonning eksport salohiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bir vaqtlar O‘zbekiston eksporti asosan oltin, gaz va paxta hisobidan bo‘lardi. Hozir gazning faqat 20 foizinigina eksport qilyapmiz. Savol tug‘ilishi mumkin, gaz qayerga ketyapti? Gazimizni o‘zimizning sanoatimizga yo‘naltiryapmiz, ish o‘rinlari yaratyapmiz. Mening maqsadim umuman gazni chetga sotmaslik, sanoatga yo‘naltirish, xalqimiz manfaatlari uchun ishlatish.

Paxtadan ko‘pi bilan 1 mlrd dollar daromad qilgan bo‘lsak, hozir o‘zimizda chuqur qayta ishlash orqali bu ko‘rsatkich bir necha marta oshgan.

Barchangiz ko‘rib-bilib turibsiz, hozirgi vaqtda dunyoda «yashil iqtisodiyot»ni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga e'tibor kun sayin kuchayib bormoqda. 

Dunyo sanoati elektr energiyasi yordamida ishlaydigan avtomobillar va ular uchun zarur uskunalar ishlab chiqarishga o‘tmoqda.

2030 yilga borib mis mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj kamida 40 foizga ortishi prognoz qilinmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, Olmaliq kombinati ishlab chiqaradigan mahsulotlarga xalqaro talab uzoq yillar davomida saqlanib qoladi. 

Ana shu holatni hisobga olib, 2017 yilda «Yoshlik-1» konlari kompleksini o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlagan edik. O‘tgan 4 yil mobaynida barcha zarur geologik tadqiqotlar va 83 million kub metrdan ortiq hajmdagi qazish ishlari bajarildi.

Mana endi dastlabki bosqichda qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan, yangi uchinchi mis boyitish fabrikasini qurishni boshlayapmiz.

Ushbu korxona 2024 yilga borib yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash imkonini beradi. E'tibor bering, OKMK 70 yillik tarixi davomida o‘rtacha 40 mln tonna rudani qayta ishlagan. Birgina bu yangi korxona tufayli qayta ishlash ko‘rsatkichi 1,5 barobar oshadi.

Ikkinchi bosqichda esa quvvatlar 160 million tonnaga yetadi  yoki bugungi ko‘rsatkichdan 3 barobarga ko‘payadi.

Ana shu ikki bosqichni amalga oshirish tufayli korxona 2028 yilga borib  yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Shu tariqa, Olmaliq kombinati tog‘-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi. 

Kombinat ishlab chiqaradigan mahsulotlar hajmi 3 martadan ziyod ko‘payib, uning qiymati hozirgi 2,5 milliard dollardan qariyb 8 milliard dollarga yetadi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid