Jahon | 09:32 / 11.11.2025
2052
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati shatdaunni tugatishga qaratilgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi

AQSh Senatida rekord darajada uzoq davom etgan shatdaunni to‘xtatish imkonini beradigan qonun loyihasi zarur ovozlarni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda Reuters va boshqa OAV 11 noyabr kuni tongda. Endilikda hujjat Vakillar palatasidan o‘tishi kerak.

Foto: ABC News

CNN ma’lumotiga ko‘ra, 11 noyabrga o‘tar kechasi budjet bo‘yicha murosa varianti uchun 60 senator ovoz berdi, 40 nafari esa qarshi chiqdi. Hujjatni qo‘llab-quvvatlaganlar orasida yetti demokrat va demokratlarni qo‘llovchi bir mustaqil senator bor. Bir respublikachi senator — Kentukkidan Rendal Pol — qarshi ovoz berdi.

Respublikachilar va bir qator demokratlar o‘rtasida Senatdagi kelishuvning asosini kelgusida tibbiy sug‘urta badallari bo‘yicha soliq imtiyozlarini uzaytirishga doir ovoz berish to‘g‘risidagi bitim tashkil etadi. Bundan tashqari, kelishuvga binoan, shatdaun davrida ishdan bo‘shatilgan federal xizmatchilar ishga tiklanadi va to‘lanmay qolgan maosh qarzlari qoplanadi.

AQShda shatdaun 41 kundan beri davom etmoqda — bu mamlakat tarixidagi eng uzoq tanaffus. Prezident Donald Trampning partiyadoshlari bo‘lgan respublikachilar va demokratlar o‘rtasida federal budjet bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli taxminan 750 ming federal xizmatchi maoshsiz majburiy ta’tilga chiqarilgan.

Faqat muhim ta’minotga daxldor tizimlar — aviadispetcherlik xizmati, politsiya, chegarani qo‘riqlash va tez tibbiy yordam uchun istisnolar mavjud. Shatdaun ortidan yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar sabab ko‘plab aviadispetcherlar ishini to‘xtatdi. Shuning uchun AQShda minglab reyslar kechiktirildi yoki bekor qilindi. 10 noyabr kuni Donald Tramp maosh kechikkan davrda vazifalarini bajarishdan bosh tortgan aviadispetcherlarga to‘lovlarni “jiddiy qisqartirish” bilan tahdid qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid