O‘zbekiston | 08:00 / 28.05.2021
3865
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘ng‘irotda «Qizil kitob»ga kiritilgan 11 bosh jayronni ovlagan shaxslar ushlandi

Qoraqalpog‘istonda «O‘zbekiston Qizil kitobi»ga kiritilgan jayronlarni noqonuniy ravishda ovlagan shaxslarga chora ko‘rildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar bermoqda.

Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi va Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi hamda «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘ining davlat inspektorlari, Qo‘ng‘irot tuman IIV, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazildi.

O‘rganishda Qo‘ng‘irotdagi «Jasliq» MFYda yashovchi T.B. va B.R. tomonidan Ustyurt tekisligida noqonuniy ravishda «Qizil kitob»ga kiritilgan 11 bosh jayronni ovlagani, yonlarida 11 juft shox borligi aniqlangan.

Holat bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib tergov, surishtiruv ishlarni olib borish uchun Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin To‘rtko‘lda noyob o‘simlik xitoyliklar tomonidan noqonuniy terilayotgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid