Jahon | 11:47 / 30.08.2019
14809
2 daqiqa o‘qiladi

Eron koinot markazida raketa portladi – OAV

Foto: Fars News / Reuters

Eron koinot markazi start maydonchasida raketa portlab ketdi. Bu haqda sun'iy yo‘ldoshlardan olingan suratlarga iqtibos keltirgan holda Associated Press axborot agentligi xabar berdi

29 avgustda olingan suratlarda Eronning Samnon viloyatida joylashgan kosmodrom tasvirlangan. Suratlarda start maydonchasida qora tutun burqsirayotgani va raketaning tutayotgan qoldiqlarini ko‘rish mumkin. 

Ta'kidlanishicha, Eron yaqin kunlarda Nahid 1 sun'iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarishi kerak edi. Biroq hozircha portlagan raketa ushbu loyihaga aloqasi borligi-yo‘qligi noma'lum.

“Bu nima bo‘lsa ham u portladi va siz uning tutayotgan qoldiqlarini ko‘rmoqdasiz”, deb suratlarga izoh bergan Montereydagi Midlberi xalqaro tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Devid Shmerler.

Yanvarda ham Eron sun'iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqish vaqtida muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Sun'iy yo‘ldosh belgilangan orbitaga chiqmagan. 

27 iyulda Erondagi imom Homayniy nomidagi yangi kosmodromdan “Semurg‘” raketa-tashuvchisi uchirilgan. Eron ushbu parvozni muvaffaqyatli deb atagandi. Biroq AQSh OAV razvedkadagi manbalarga iqtibos keltirgan holda raketa parvozi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanganini ma'lum qilgan. AQSh davlat departamentida raketaning sinovi ig‘vo deyilgan.  

“Semurg‘” og‘irligi 250 kggacha bo‘lgan sun'iy yo‘ldoshlarni Yerdan 500 km balandlikkacha olib chiqishga mo‘ljallangan.  

Mavzuga oid