Jamiyat | 10:59 / 13.02.2020
23042
15 daqiqa o‘qiladi

Qarshidagi sobiq «Ehtiyot qismlar bozori» haqiqiy egasiga qaytarilmayapti: 14 yillik sarsongarchilik qachon barham topadi?

Qashqadaryo viloyati markazida oilaviy tadbirkorlar o‘zlari qurgan mulkka egalik qila olishmayapti. Bu haqda Qashqadaryoda minglab ishchi o‘rinlar yaratgan tadbirkor o‘n aka-uka Safarovlar oilasi nomidan ishonchli vakil Chori Safarov tahririyatga murojaat qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, Safarovlar oilasiga tegishli mulk sud qarorlariga asosan shu joyda ijarada turgan davlat ulushiga ega tashkilot Qarshi shahar — «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJga noqonuniy tarzda olib berilgan. Mulk egasi bo‘lmish Safarovlar esa 13 yildirki uni qayta qo‘lga kirita olmasdan sarson bo‘lishmoqda.

Keling, hammasiga bir boshidan oydinlik kiritamiz.

2001 yil 12 yanvarda Qarshi shahar hokimi Yu.Qarayevning qarori bilan shaharning Jayxun ko‘chasidan «Chori-S» firmasiga (rahbari — Safarov Chori Beg‘amovich) «Qurilish materiallari bozori»ni loyihalashtirib qurish uchun 3,8 gektar yer ajratiladi.

Chori Safarov o‘ziga ajratib berilgan yerda qurilish materiallari sotishga ixtisoslashgan bozor qurilishini boshlaydi va u to‘liq bitmasdan, 2001 yilning 16 iyul kuni notarius orqali akasi Erkin Safarovga №848-sonli hadya shartnomasi orqali hadya qiladi.

Erkin Safarov bozorni to‘liq qurib bitkazadi va qurilish materiallari sotishga mo‘ljallangan bozorni avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish uchun moslashtiradi. So‘ngra 2004 yil 15 apreldagi oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra, Erkin Safarov ehtiyot qismlar (qurilish materiallari) bozorini ukasi Safarov To‘lqinga sotadi. 2004 yilda bozorga muddatli foydalanish huquqi bilan kadastr hujjatlari rasmiylashtiriladi.

2004 yilda imzolangan ijara shartnomasiga ko‘ra, Qarshi shahridagi «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ To‘lqin Safarovga tegishli «Anvar-Osiyo» xususiy korxonasi bilan ijara shartnomasi imzolaydi va oyiga 300 ming so‘m ijara haqi evaziga, Qarshi shahri Jayxun ko‘chasida joylashgan «Ehtiyot qismlar bozori»ning bino va inshootlaridan foydalana boshlaydi.

Shu o‘rinda bir oydinlik: «Ixtisoslashtirilgan avtomobil bozori» MChJ qanday tashkilot edi? U 2003 yil 2 dekabrda tashkil topgan bo‘lib, ustav jamg‘armasining 51 foizi (1 mln 387 ming 200 so‘m) Qarshi shahar hokimligiga tegishli, 49 foizi esa (1 mln 332 ming 800 so‘m) Safarov Erkin Beg‘amovich tomonidan naqd pul kiritish evaziga shakllantirilgan. Yuridik manzili: Qarshi shahri, «O‘zbekiston ovozi» ko‘chasi, 2-uy.

Bozor bino-inshootlaridan foydalangani uchun «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ T.Safarovga tegishli xususiy korxonaga 2004 yil apreldan 2006 yilning aprelgacha ijara haqini oyma-oy to‘lab borgan.

2006 yil aprelda aka-uka tadbirkorlar Safarovlarga nisbatan tergov ishlari olib boriladi va o‘z o‘zidan, «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ direktori ham o‘zgaradi. Shu oydan «Ehtiyot qismlari bozori» egasi T.Safarovga bozor uchun ijara haqi to‘lash to‘xatiladi.

Boz ustiga, garchi vakolati bo‘lmasa-da, Qarshi shahar hokimligi birovning nomida turgan mulkni tortib olish uchun fuqarolik sudiga da'vo arizasi kiritadi.

Ishni o‘rganib chiqqan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi 2007 yil 10 iyulda hal qiluv qarori chiqaradi va unga ko‘ra:

1. Safarov Erkin Beg‘amovich Qarshi shahar «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ ta'sischilari safidan chiqariladi.

2. 2004 yil 15 aprelda Safarov Erkin va Safarov To‘lqin o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topiladi va taraflar dastlabki holatga keltiriladi. Ya'ni, ko‘chmas mulk Safarov Erkinga qaytariladi.

3. «Ehtiyot qismlari» bozori nomini «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» nomi bilan qayta kadastr hujjatlari tayyorlash majburiyati yuklanadi.

Ya'ni, sud qarorida faqat bozor nomini «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» deb o‘zgartirish aytilmoqda, lekin uni xuddi shu nomdagi «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJga o‘tkazib berish haqida biror gap bo‘lmagan. Keyingi hujjatlarda esa aynan shunday talqin qilinmoqda.

Yuqorida sud hal qiluv qarorida ko‘chmas mulk Erkin Safarovga qaytarilishi kerakligini belgilangani aytildi.

Biroq, sudning bu hal qiluv qarorini noto‘g‘ri talqin qilib, bozor bino va inshootlari Qarshi shahrining mutlaqo boshqa manzilida asos solingan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJga 2013 yilda rasmiylashtirib berilgan.

Holbuki, 2007-2013 yillar mobaynida Erkin Safarovning rafiqasi M.Yo‘ldosheva bir necha bor Kadastr davlat qo‘mitasi va Qashqadaryo viloyat Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, viloyat Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati DUK idorasiga mulkni qayta rasmiylashtirishni so‘rab murojaat qiladi. Biroq, davlat idoralari tomonidan E.Safarovning o‘zi pasporti bilan kelib, qurilishi tugallangan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori»ni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini imzolab, ushbu dalolatnomani tasdiqlash to‘g‘risidagi Qarshi shahar hokimligining qarorini taqdim etishi kerak, deb javob beriladi.

Erkin Safarov esa ta'qibda edi…

Yuqorida ta'kidlanganidek, 2013 yil 11 iyunda Jayxun ko‘chasida joylashgan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» shu nomdagi ko‘chmas mulkda ijarada turib kelgan MChJga rasmiylashtirib beriladi.

Rasmiylashtirish uchun esa o‘sha FIB Qarshi tumanlararo sudining 2007 yil 10 iyuldagi hal qiluv qarori va O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2013 yil 24 maydagi №02-03-1311 sonli xati huquqiy asos bo‘lgan.

Davlat kadastri davlat qo‘mitasining №02-03-1311 sonli xatda nima yozilganiga e'tibor qaratamiz.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari T.Abdullayev Qashqadaryo viloyat «Yermulkkadastr» xizmati DUK boshlig‘i O‘.Abdurahmonovga buyuryapti:

Erkin Safarov «Ixtisoslashtirilgan avtomobil bozori» MChJga bozorni rasmiylashtirmasdan, uni ukasi T.Safarovga sotib yuborgan emish. FIB Qarshi tumanlararo sudining 10.07.2007 yil qaroriga ko‘ra, o‘sha oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas, deb topilgan ekan va bozor nomi «Ixtisoslashtirilgan avtomobil bozori» deb o‘zgartirilishi ko‘zda tutilgan ekan. Shulardan kelib chiqib, sud qarori ijrosini ta'minlash uchun obekt «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJga rasmiylashtirib berilishi kerak. Qoyil!

Oradan 5 yil o‘tgach, xuddi shu rahbar Ch.Safarovga yo‘llagan 2018 yil 23 yanvar kungi xatida shunday deyilgan:

Qashqadaryo viloyati «Yermulkkadastr» davlat korxonasining murojaatiga asosan qo‘mitaning 24.05.2013 yildagi 02-03-1311-sonli javob xatida FIB Qarshi tumanlararo sudining 10.07.2007 yildagi hal qiluv qarori ijrosini ta'minlash uchun mazkur obektni «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ nomiga belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berish lozimligi haqidagi xulosaga holatlar to‘liq o‘rganib ko‘rilmasligi tufayli vujudga kelgani va mazkur xat o‘z kuchini yo‘qotgan, deb topilgani, obektni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qayta ko‘rib chiqilib, belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi haqida ko‘rsatma berilgani haqida bayon qilingan.

Demak, bozorni MChJga rasmiylashtirib berish uchun asos bo‘lgan ikkinchi hujjat ham yo‘qqa chiqdi. FIB Qarshi tumanlararo sudining 10.07.2007 yildagi hal qiluvi qaroriga ko‘ra bozor E.Safarovniki, unga 10.07.2007 yildagi FIB Qarshi tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan rasmiylashtirib berilishi kerak.

Shularni hisobga olib, Safarovlar oilasi a'zolari sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tab bo‘lgach, hamda ularga nisbatan ta'qib tugagach, 2016 yilda biz o‘rganayotgan obektdan 10.07.2007 yildagi FIB Qarshi tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJni ko‘chmas mulkdan majburiy tartibda chiqarishni so‘rab, FIB Qarshi tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritadi.

Raislik qiluvchi Q.Boymurodov raisligida o‘tgan Qarshidagi sud masalani xolis hal qilish o‘rniga, da'vogarning da'vo talablari bo‘yicha da'vo qilish muddati o‘tgan deb topadi.

FIB Qashqadaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ham E.Safarovning da'vo talablari rad etilgan.

Safarovlar oilasi yugur-yugurni kuchaytirgach, ish Oliy sudgacha yetib boradi. Lekin Oliy sud sudyalari ham ko‘rinib turgan faktni tan olmasdan, hujjatlarda chalkashliklarga yo‘l qo‘yayotganiga nima deysiz?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2017 yil 12 sentyabridagi ajrimida shu sudlov hay'atining 2017 yil 30 maydagi ajrimi asoslantiruvchi qismining 12-xatboshisida «Qurilish materiallari bozori» nomini «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ deb nomlab, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyati yuklatilgani noto‘g‘ri ko‘rsatilgani, ya'ni sudning yuqorida qayd etilgan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» jumlasi o‘rniga «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ deb jumla noto‘g‘ri yozib ketilgani aks etgan.

Ajrim qismida 12-xatboshi «Qurilish materiallari bozori» nomini «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ deb nomlab», degan jumlalar «Qurilish materiallari bozori» nomini «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» deb nomlab», deb tuzatish kiritilishi va o‘qilishi ko‘rsatilgan.

Biroq bu ajrim ijro uchun qabul qilinmaydi. Bu orada Chori Safarov bir necha marta Oliy sudga qatnaydi. 2018-2019 yillar davomida Oliy sud unga «2018 yil 17 apreldagi ajrimda batafsil javob berilgani» haqida xatlar bilan javob qaytaradi. Bir yil davomida berilgan javob xatlarida ko‘rsatilgan Oliy sudning 2018 yil 17 apreldagi ajrimi aslida bo‘lmaganini tan oluvchi Oliy sudning 2019 yil 25 mart kunidagi 12-522-18 sonli javob xati Chori Safarovga ma'lumot uchun yuboriladi.

Axir bu nimasi?! Nega Oliy sud fuqaro Ch.Safarovga aslida mavjud bo‘lmagan ajrimni ro‘kach qilib javoblar beradi?

Shundan so‘ng Oliy sud tomonidan Ch.Safarovga 2019 yil 29 mart kuni 45569-xq/19-sonli javob xati yuboriladi va unga Oliy sudning 2018 yil 21 sentyabrdagi FIB Qarshi tumanlararo sudining 08.07.2016 yildagi hal qiluv qarorini bekor qilish bo‘yicha asos mavjud emas, degan mazmundagi ajrimi ilova qilinadi.  

Oliy sud o‘zining 2017 yil 12 sentyabrdagi ajrimida 10.07.2007 yildagi FIB Qarshi tumanlararo sudining hal qiluv qarorida MChJ degan jumla yo‘qligini ko‘rsatib o‘tgan bo‘lsa-da, oradan bir yil o‘tib — 2018 yil 21 sentyabrdagi ajrimida 10.07.2007 yildagi FIB Qarshi tumanlararo sudining hal qiluv qarorida aslida yozilmagan savdo kompleksi MChJ degan jumlani bor deb ko‘rsatgan. Oliy sudning o‘z ajrimlarini bir-biriga zid chiqarishi zamirida nima yotibdi?

Chori Safarov bu orada 5 marta Oliy sud raisi K.Komilov, shuncha marta uning o‘rinbosarining shaxsiy va sayyor qabullarida bo‘ladi. Oliy sud mas'ullari masalani tinglab, chindan ham ajrimda xatoga yo‘l qo‘yilganini og‘zaki tan olsa-da, FIB Qarshi tumanlararo sudining 08.07.2016 yildagi hal qiluv qarorini bekor qilish bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmasdan tadbirkor Ch.Safarov murojaatlariga mantiqan to‘g‘ri kelmaydigan, biri ikkinchisini inkor etuvchi javob xatlari berib kelgan.

Bu orada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi shahar «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ rahbari B.A. va boshqalar 2015–2018 yillar va 2019 yilning 10 oyi davomida bozorda faoliyat yurituvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlardan undirilgan 3,5 milliard so‘m ijara to‘lovlarining 1,3 milliard so‘mini o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatib, talon-toroj qilgani aniqlanadi.

Mazkur holat yuzasidan B.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani xabar qilindi.

Qashqadaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi Ch.Safarovga bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 400dan ziyod savdo nuqtasi bo‘lgan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJda 2015 yilda bor-yo‘g‘i 8 nafar tadbirkordan 31,2 mln, 2016 yilda 13 tadbirkordan 38,4 mln, 2017 yilda 21 tadbirkordan 106,7 mln, 2018 yilda 21 tadbirkordan 127,8 mln, 2019 yilda 139 tadbirkordan 676,5 mln so‘m ijara haqi undirilgan.

Tadbirkor Ch.Safarov 2019 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori N.Yo‘ldoshovning Qashqadaryoda o‘tkazgan sayyor qabulida bo‘lib, minglab ishchi o‘rinlari yaratgan 10 aka-ukadan iborat bo‘lgan tadbirkor Safarovlar oilasini uy-joylari va xususiy mulklari qonunbuzarlar tomonidan noqonuniy egallab olingani bo‘yicha murojaat qilib, tadbirkorlar oilasiga tegishli xususiy mol-mulklar qonun doirasida olib berilishi va qonunbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘raydi.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tadbirkor Safarovlar oilasi murojaatlari bo‘yicha tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Safarovlar oilasini qiziqtirayotgan masala nima sababdan FIB Qarshi tumanlararo sudining 10.07.2007 yildagi hal qiluv qarori Oliy sud va FIB Qashqadaryo viloyat hamda FIB Qarshi tumanlararo sudlari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotganidir.

Nega endi ustav fondida nazorat paketi Qarshi shahar hokimligiga qarashli bo‘lgan MChJga birovning nomidagi mulk tortib olib berilishi kerak? Bu mulk uchun hech qanday kompensatsiya va boshqa to‘lovlar to‘lanmasdan? Xo‘sh, Qashqadaryodagi bu ishlarning zamirida kimlarning manfaatlari yotibdi? Bu boradagi kuzatuvlarni davom ettiramiz.

Shuxrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid