Jahon | 15:20 / 09.01.2026
4497
6 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi iste’fo va tayinlovlar: talab yoki zarurat? | “Geosiyosat”

Ukraina rahbariyatidagi ketma-ket iste’folar va tayinlovlar urush cho‘zilayotgan bir paytda siyosiy zaruratga aylandi. Tahlilchilarga ko‘ra Zelenskiy kadrlar orqali tizimning jangovar samaradorligini, boshqaruv intizomini va G‘arb bilan ishonch darajasini saqlab qolishga urinmoqda. “Geosiyosat”ning navbatdagi sonida siyosatshunoslar Kiyev rahbariyatidagi o‘zgarishlar va buning omillari xususida so‘z yuritishdi.

Ukraina rahbariyatidagi o‘zgarishlar nimani anglatadi?

Umrbek Yusupov: Jarayon aslida 2 yanvardan boshlangan, 3 yanvarda esa Prezident Zelenskiyning o‘zi bu masala yuzasidan izoh berdi. Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov yuqori lavozimga tayinlandi, uning o‘rniga Ivashchenko o‘rinbosar bo‘ldi. Shuningdek, Yevgeniy Ximar hamda to‘rtta viloyat mudofaa rahbarlari ham almashtirildi. Zelenskiy buni oddiy qilib tushuntirdi, ya’ni har qanday ssenariyga tayyor turish kerak. Chunki ularning o‘zi ham urushning davom etish ehtimoli yuqori ekanini yashirmayapti. Uzoq davom etayotgan urush sharoitida bir lavozimda uzoq ishlagan kadrlarning charchashi tabiiy hol. Shu bois kadrlar almashinuvi ma’lum ma’noda vaziyatni yumshatish, tizimni yangilashga qaratilgan qadam sifatida izohlandi. Biroq turli mintaqalardagi tahlilchilar bu jarayon bir nechta ssenariyga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Xususan, Tramp ma’muriyati Ukraina ichidagi ayrim doiralarning haddan tashqari keskin takliflaridan norozi ekanini yashirmagan. Shunga qaramay, AQSh Kirill Budanov boshchiligidagi bosh razvedka boshqarmasi faoliyatini ijobiy baholagan: ma’lumot almashish, harbiy tayyorgarlik va hamkorlik yuqori darajada deb topilgan. G‘arb davlatlari ochiqchasiga “kadrlarni almashtiringlar” degan talab qo‘ymagan, ammo bu qadam ma’lum darajada G‘arbda ijobiy signal sifatida qabul qilinmoqda. Bu yerda korrupsiya masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Energoatom bilan bog‘liq muammolar, harbiy xarajatlarning sarflanishi haqidagi savollarning ko‘paygani fonida kadrlar almashinuvi “nur ustiga nur” bo‘lishi mumkin. Ayrim taxminlarga ko‘ra, Andrey Yermakning ketishi yoki uning barcha o‘rinbosarlarining ishdan olinishi ehtimoli ham muhokama qilingan. Biroq ekspertlar bir fikrda, Zelenskiyning tanlov imkoniyatlari cheklangan. Uning yaqin va ishonchli kadrlari soni ko‘p emas. Masalan, Dmitriy Kuleba sentabr oyida lavozimidan bo‘shatilgan edi va hozirda uni tashqi razvedka rahbari lavozimiga nomzod sifatida ko‘rib chiqish ehtimoli yuqori ekani aytilmoqda. Umuman olganda, bu jarayon oddiy va mantiqan zarur bo‘lgan holat sifatida baholanmoqda. Budanov esa hozirda juda yosh, strategik fikrlaydigan, razvedka sohasini chuqur biladigan, zamonaviy va uzoq muddat ishlay oladigan yetakchi kadr sifatida e’tirof etilmoqda.

Sanjarbek Rashidov: Urushning uzoq davom etishi ko‘pchilikka ayon bo‘lib qoldi. Yaqin orada hech qanday kelishuv yoki shartnoma imzolanishi kutilmayapti. AQShning so‘nggi bayonotlari ham Rossiya uchun xavotirli bo‘ldi deyish mumkin. Bugun yana to‘rtta viloyat gubernatori ishdan olindi. Avval mudofaa rahbarlari almashdi, endi esa navbat gubernatorlarga kelayotganga o‘xshaydi. Zelenskiy hokimiyatga kelganida korrupsiyadan xoli davlat barpo etish, mavjud kadrlarni to‘liq yangilash shiori bilan chiqqan edi. Ammo prezidentlikka kelgan zahoti buni amalga oshirish imkoni bo‘lmadi. Hozirgi sharoit esa bunga majbur qilmoqda. Bu yerda Yevropa hamkorlarining ham talablari muhim ahamiyatga ega. Ukraina asosiy moliyaviy va harbiy yordamni aynan Yevropadan olayotgan ekan, donorlar tomonidan kadrlar masalasida talablar qo‘yilishi tabiiy hol. Bu jarayonning ikkinchi muhim jihati shundaki, Zelenskiy prezidentlik faoliyatining dastlabki davrida asosiy e’tiborni faqat mudofaaga qaratgan edi. O‘sha paytda asosiy maqsad — Ukrainani davlat sifatida saqlab qolish, Kiyevning tez fursatda egallanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Hozirgi bosqichda esa strategik yondashuv o‘zgardi. Urushning mohiyati, maqsadlari chuqurroq anglab yetildi. Endi kuchli va tajribali kadrlarni joy-joyiga qo‘yish masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Masalan, tashqi razvedka rahbarlari ishdan olinmayapti, balki tizimning o‘zida boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazilmoqda. Bu holat kelajakda, agar urush davom etsa, Ukrainaning hujumkor bosqichga o‘tishiga tayyorgarlik sifatida ham talqin qilinishi mumkin. Davlat tizimi muvozanatli tarzda qayta shakllantirilmoqda va imkon qadar korrupsiyadan xoli bo‘lishiga urg‘u berilmoqda. Albatta, mutlaqo korrupsiyasiz davlat bo‘lishi qiyin, biroq urush davrida korrupsiya ayniqsa og‘riqli masala. Xalq allaqachon urushdan charchagan. Agar yana korrupsiya mojarolari ko‘payaversa, bu norozilikni yanada kuchaytiradi. Shu sababli korrupsion omillar Zelenskiy uchun ham jiddiy siyosiy xavf tug‘diradi. Bu masala prezidentning legitimligi bilan ham chambarchas bog‘liq. Rossiya doimiy ravishda Zelenskiyni “noqonuniy prezident” deb atab, saylovlar o‘tkazilmayotganini bahona qilib keladi. Muzokaralardan qochish uchun aynan shu argumentdan foydalanadi. Shu bois Zelenskiy barcha jarayonlar uning nazoratida ekanini, daxlsiz yoki almashmaydigan kadrlar yo‘qligini ko‘rsatishga urinmoqda. Kadrlar almashinuvi orqali Zelenskiy o‘zini kuchli siyosiy figura sifatida namoyon qilmoqda: hamma Ukraina g‘alabasi, davlatning mudofaasi yo‘lida xizmat qilishi kerak va har kim zarur bo‘lsa iste’fo berishga yoki boshqa lavozimga o‘tishga tayyor bo‘lishi lozim, degan signalni bermoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid