Jamiyat | 18:00 / 06.02.2020
63971
10 daqiqa o‘qiladi

Xatolik tufayli uyidan haydalgan fuqaro adolat istamoqda. Uyni esa Oliy sud o‘ziniki qilib olgan

Ushbu maqolada davlat organlari bir oilaning uy-joyini g‘ayriqonuniy yo‘l bilan tortib olgani, keyinroq bu uy O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ixtiyoriga «belgilangan tartibda» o‘zlashtirilgani va bugungi kunda ham uy jabrdiydaga qaytarilmay kelinayotgani haqida keltiriladi.

Uy kimga tegishli edi?

Dastlab uyning asl egasi va bu uy qanday qilib undan tortib olingani haqida hikoya qilamiz.

Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadon «Faoris» ishlab chiqarish tijorat firmasining 1992 yil 31 dekabrdagi 541-sonli ma'lumotnomasiga asosan fuqaro (marhum) Muhsiddin Kamalov nomiga mulk huquqi asosida o‘tgan. Keyinchalik M.Kamalovning vafotidan so‘ng mazkur xonadon Toshkent shahar Yakkasaroy tuman 1-sonli DNIning 2004 yil 13 apreldagi vorislik hamda meros mulkini taqsimlash to‘g‘risidagi shartnomalarga asosan o‘g‘li R.Kamalovning nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Uy egalari o‘z uylaridan quvib chiqarilgan

Xonadon egalariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan olib borilgan jinoyat ishi tergovini yuritgan davlat organi tomonidan Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadonga taqiq qo‘yilib, xatlangan va R.Kamalov oila a'zolari bilan asossiz ravishda uydan haydab chiqarilgan. Kamalov va uning turmush o‘rtog‘i o‘sha mudhish kunni hali-hanuz qo‘rquv va iztirob bilan yodga oladi.

Sabab nima edi?

2003 yilning iyul oyidan 2005 yilning dekabriga qadar davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik kompaniyalaridan birida boshqaruv raisi lavozimida ishlagan A.B. jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi hukmiga asosan, Jinoyat kodeksining 167, 168, 205, 210 hamda o‘ndan ortiq boshqa moddalari bilan ayblanadi.

A.B.ga oid jinoyat ishi tergovi davomida unga tegishli ekanligi gumon qilinib, respublikaning turli hududlarida joylashgan va qarindoshlari hamda tanish-bilishlari nomlariga rasmiylashtirilgan uy-joy, kvartiralar, turli rusumdagi xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho avtomashinalar, ishlab chiqarish korxonalari va hatto zotdor otlar xatlangan. Sudning hukmi bilan yetkazilgan zararni qoplash uchun davlat egaligiga o‘tkazilgan.

Musodara qilingan kvartiralar qatorida biz hikoya qilayotgan Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadon ham bor edi.

Sobiq amaldorning tanishi F.S.ning nomiga rasmiylashtirilgan, degan yanglish xulosa bilan tergov organi xatlagan Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadon sudning hukmi asosida yetkazilgan zararni qoplash uchun davlat foydasiga o‘tkazilgan.

Hikoyamiz shu joyiga yetganda sudlanuvchi A.B. va uning tanishi F.S. bilan kvartira egasi Kamalovning qanday aloqasi bo‘lgan degan savol tug‘iladi. Muammo ham shunda aslida. Ularning bir-biriga hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Gap shundaki, ayblanuvchining mol-mulklarini aniqlash va xatlashda tergov organi tomonidan qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yilgan. Sud esa buni tekshirib ham o‘tirmagan.

Hukm qonuniy kuchga kirgach, kvartira sud ijrochilari orqali sotuvga chiqarilgan. 2011 yil 19 may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq auksion savdosida ushbu kvartirani Oliy sud 58 500 000 so‘mga yutib olgan. Hozir bu xonadondan Oliy sud xodimlarining xizmat uyi sifatida foydalanilmoqda.

Xech bir aybi bo‘lmasdan o‘z uyidan ayrilgan va oilasi bilan ko‘chada qolgan Kamalov adolat izlab qariyb 9 yillik umrini sud va prokuratura idoralari ostonalarida o‘tkazmoqda. Shu vaqt orasida uning bormagan idorasi, shikoyat qilmagan tashkiloti qolmagan, hisob. Faqatgina 2018 yilga kelib haqiqat yuzaga chiqa boshlagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2018 yil 26 yanvardagi ajrimi bilan ko‘p narsaga oydinlik kiritilgan.

Aslida A.B.ning tanishi F.S.ning nomiga Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadon emas, balki Yunusobod tumani 7-mavze, 34-uy, 27-xonadon rasmiylashtirilgan bo‘lib chiqqan. Ya'ni, Kamalov yashagan bu xonadonning sudlanuvchiga yoki uning tanishiga hech qanday aloqasi bo‘lmagan deb topilgan.

Shundan so‘ng sud dastlabki tergov davrida noqonuniy ravishda xatlangan xonadonni xatlovdan bekor qilib, qonuniy egasi R.Kamalovga qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqargan.

Lekin fuqaroning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmaydi. Ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan holat shundan so‘ng yuz beradi. Davlat hokimiyatining eng yuqori organlaridan biri hisoblangan Oliy sud markaziy apparati xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i fuqaro Kamalovning foydasiga chiqqan sud ajrimidan «norozi bo‘lib», Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atiga, ya'ni o‘zi ishlab turgan mahkamaga shikoyat kiritadi. Ha, to‘g‘ri angladingiz, shikoyat Oliy sud tashkiliy tuzilmasidagi tarkibiy bo‘linma rahbari bo‘lgan shaxs tomonidan kiritiladi.

O‘zining bir tom ostida ishlovchi hamkasbining shikoyatini qaysi sudya rad etardi. Qolaversa gap o‘zi ishlab, oylik olib turgan idoraning bevosita manfaatlari haqida borayotgan bir vaqtda...

Xullas, 2018 yil 20 sentabr kuni Oliy sud sudlov hay'ati Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasining ajrimiga idora manfaatlarini ko‘zlovchi quyidagi mazmunda o‘zgartirish kiritdi: «Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadonni sotishdan budjetga tushgan pul mablag‘lari (58,5 mln. so‘m – tahr.) belgilangan tartibda Kamalovga qaytarilsin».

Oliy sud vakillari nima deydi?

Mazkur masala bo‘yicha izoh olish maqsadida Oliy sudda bo‘lib, tashkilot matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov va Oliy sud sudyasi Uchqun Ro‘ziyev bilan suhbatlashdik. Sudyaning ta'kidlashicha, Oliy sudning bunday to‘xtamga kelishiga Fuqarolik kodeksining 229-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan, ya'ni agar mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan bo‘lsa, mol-mulkni talab qilib olishga yo‘l qo‘yilmasligiga oid qoida sabab bo‘lgan va bu haqida ajrimda ham bayon etilgan.

«Sizningcha bu ajrim adolatli bo‘lganmi?» deb berilgan savolga u «Har qanday qonuniy qilingan ish adolatlidir», deya javob qaytardi.

Holbuki, bugungi kunda o‘rtacha qiymati 400-450 mln. so‘m atrofida turadigan kvartirani qariyb 11 yillik sarson-sargardonliklar-u ko‘rgan azoblari uchun uzr so‘rab, o‘z egasiga qaytarish o‘rniga, 58,5 mln. so‘m pul qaytarilishi to‘g‘risida to‘xtamga kelinishiga nima sabab bo‘ldi? Nahotki, adolat qo‘rg‘oni bo‘lishi lozim bo‘lgan oliy mahkama o‘z manfaatini fuqaroning manfaatidan ustun qo‘ysa?!

Darvoqe, suhbat chog‘ida U.Ro‘ziyev Oliy sudning 2018 yil 20 sentyabrdagi ajrimi ustidan norozi taraf belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

Xususiy mulk daxlsizligi qayerda qoldi?

Qonunga ko‘ra, xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir. Lekin adolat uchun mas'ul bo‘lgan Oliy sudning o‘zi fuqaroning mulk huquqiga daxl qilib turgan bo‘lsa, buni qanday ta'riflash mumkin?!

Amaldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko‘rsatayotgan yoxud ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat manfaatlar to‘qnashuvi deb ataladi. Qonunga ko‘ra davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Oliy sud o‘z manfaatlarini o‘ylab, R.Kamalovning qonuniy mulki o‘rniga, u 9 yil davomida ijarama-ijara yurib sarflagan mablag‘idan-da kam bo‘lgan qiymatdagi pulni qaytarmoqchi bo‘layotgani manfaatlar to‘qnashuvi emasmi?

Shunga ko‘ra, Oliy sud sudlov hay'atining ajrimi bilan Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasining amaldagi qonunlarga muvofiq chiqarilgan 2018 yil 26 yanvardagi ajrimiga idoraviy manfaatdan kelib chiqib o‘zgartirish kiritilishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?! Adolat himoyachisi bo‘lishi kerak bo‘lgan idoraning o‘zidan jabr ko‘rib turgan aybsiz aybdor bo‘lmish R.Kamalov dodini kimga aytsin?

Umid qilamizki, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Sudyalar Oliy kengashi va Bosh prokuratura mazkur holatga munosabat bildirib, fuqaroning buzilayotgan huquqlari tiklanishiga ko‘maklashishadi.

Mavzu yuzasidan surishtiruvlarni davom ettiramiz.

 Dilshod Abduqodirov,
Rahmatillo Isroilov.

P.S. Maqola e'lon qilingach, fuqaro Farxod Sattorov tahririyatga kelib, maqola yuzasidan fikrlarini bayon qildi. Uning ta'kidlashicha hamda taqdim etgan hujjatlaridan ma'lum bo‘lishicha, bu ishda u ham huddi fuqaro R.Kamalov kabi jabr chekkan. Uning ham shaxsiy kvartirasi tergov va sud organlari tomonidan nohaq tortib olingan va bugungi kunda Oliy sud ixtiyorida qolmoqda. Uni ham sudlanuvchi A.B.ga va unga nisbatan olib borilgan tergov va sud jarayonlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan. Kun.uz F.Sattorovning murojaati bo‘yicha ham o‘z surishtiruvlarini boshladi.

Mavzuga oid