Jahon | 21:37 / 26.12.2015
8407
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva metrosida O‘zbekiston marmaridan foydalanildi

Rossiya poytaxti Moskva shahrida “Baumanskaya” stansiyasini rekonstruksiya qilish ishlarida g‘ozg‘on marmaridan vestibyul old qismi, devor va polining qoplamalari, bezak elementlari, chiroqlarda foydalanildi. Bu haqda RIA "Novosti" xabar berdi.

Mazkur metro stansiyasining perron zali va yer usti vestibyuli arxitektura yodgorligi hisoblanib, bu joydan kuniga 100 ming yo‘lovchi o‘tadi.

G‘ozg‘on marmari nafaqat O‘zbekiston, balki xorijda ham mashhur bo‘lib, undan Alisher Navoiy nomidagi Katta opera va balet teatri, Toshkent metropolitenining bir qator stansiyalarida qo‘llanilgan. Shuningdek, Moskvaning “Kuznetskiy most” metro stansiyasi vestibyuli, “Komsomolskaya” stansiyasining balkon galereyasi, Sankt-Peterburgdagi “Prospekt veteranov” stansiyasi devorlari hamda “Admiralteyskaya” stansiyasi arkasida ham ushbu marmar ishlatilgan.

Ushbu turdagi marmar Navoiy viloyati Nurota tumanidagi G‘ozkon konidan qazib olinadi. Mazkur kon 1934 yilda ochilgan bo‘lib, o‘tgan asrning 70-yillaridan buyon foydalanib kelinmoqda. Bu yerdan sariq, oq, pushti, kulrang-sariq, to‘q sariq, qizil va boshqa ranglardagi noyob marmar qazib olinadi. Ranglarning xilma-xilligi 45tani tashkil etib, konning umumiy zaxirasi 9 million kub, deya baholangan. Yillik qazib olish hajmi esa 18 ming kub metrdan iborat.