Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik shaxmatchi Jahongir Vohidov Angliyadagi turnirda yakkapeshqadam bo‘lib oldi
Angliyada shaxmat bo‘yicha an'anaviy shaxmat festivali davom etmoqda. O‘z tarixida 91-marotaba tashkil etilayotgan Hastings International Chess Congress turnirida o‘zbekistonlik yosh grossmeyster Jahongir Vohidov ham muvaffaqiyatli ishtirok etyapti. U ushbu musobaqada beshinchi raqam ostida tasniflangan.
4 yanvar kuni o‘tkazilgan 8-tur partiyasi oldidan Jahongir Vohidov 5,5 ochko bilan turnir jadvalida 3-o‘rinni egallab turgandi. Dastlabki ikki o‘rinni band etgan vengriyalik Ferents Berkesh va polshalik Aleksander Mista hisobida ham 5,5tadan ochko bor edi. Har ikki grossmeyster ham reytingda Jahongirdan yuqorida qayd etilgan.
Festivalning asosiy turniri Tradewise Hastings Masters bo‘lib, aynan shu musobaqada Jahongir Vohidov ishtirok etyapti. 4 yanvar kuni samarqandlik shaxmatchi 8-turda oq donalarda 4-pog‘onadan joy olib turgan vengriyalik Fodor Tamash bilan hisob-kitob qildi va raqibini mag‘lub etdi. Bu haqda «Olamsport» xabar bergan.
Musobaqa peshqadamlari – vengriyalik Ferents Berkesh va polshalik Aleksander Mista esa o‘zaro uchrashuvda durangga imzo chekishgan. Bu esa Jahongir Vohidovning 6,5 ochko bilan turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib olishi uchun xizmat qildi. Bugun u so‘nggi turda qora donalarda turnirning ikkinchi raqamli ishtirokchisi Igor Xenkinga qarshi bahs olib boradi. Germaniyalik bu grossmeyster 6 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan.