Jamiyat | 19:57 / 08.01.2016
21300
4 daqiqa o‘qiladi

Yulduz Usmonova estradadagi "yangi yulduzlar" va ustoz-shogird munosabatlari haqida

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Kun.uz saytiga bergan intervyusida milliy estradadagi ustoz-shogird munosabatlari va bugungi yosh xonandalarning bu me'yorlarga amal qilmayotgani va "ustoz ko‘rmagan qo‘shiqchilar ko‘payib ketgani" haqida gapirib o‘tgan.

"Men boshqa san'atkorlarni kamdan-kam eshitaman. Chunki boshqa ijodkor qo‘shig‘ini tinglash uchun uning musiqasi, she'ridan qoniqish kerak. Shoirlar, aranjirovkachilarga boraman. Ularga qanday ishlashni o‘rgataman, kamchiliklarini aytaman, tanbeh beraman. Boshqa san'atkorlar ulardan talab qilishmaydi va sifatsiz, arzon-garov qo‘shiq ishlashadi. Qanday qilib men shuni eshitay, qanday qilib men bundan qoniqay? Indamasam, menga ham xuddi shunday qilib bermoqchi bo‘lishadi. Shuning uchun ham haqiqiy san'atkorlar mendan ham qo‘rqadi, ham hurmat qiladi. Men haqiqiy musiqachilar haqida gapiryapman. Qo‘liga kechagina mikrofon olganlar haqida emas", deya kuyinadi qo‘shiqchi.

U bitta qo‘shig‘i xit bo‘lganidan keyin o‘zini yulduz his qilishni boshlaydigan yosh qo‘shiqchilarni tanqid ostiga olgan.

"Sen ertaga hech kim emassan, chunki sen tanilib olding xolos, uni ushlab tura bilish kerak. Xalqning dardini kuylamasang, bunaqasi ketmaydi. Tomoshabinlar bir kun qarsak chalsa, oynaga qarab “bu MeNman” deya his qila boshlaymiz. Mana shu narsa odamni sindiradi, umuman sarxushlikka ham vaqt bo‘lmasin. Uyga kelib, oyoq kiyimingni yechib, bu qo‘shig‘im xalqqa yoqdi, uni nimasi yoqdi ekan, men yana qaytadan bir ishlaychi, deya boshqa bir yo‘nalish topish kerak. Ko‘p san'atkorlar “mast” bo‘lib qolyapti, ana shundan sinyapti. Chunki seni sen qilgan avvalo Alloh, qolaversa xalq. Agar xalq qarsak chalmasa, xalq seni kerak qilmasa, sen hech kim emassan”, deydi Yulduz Usmonova.

Xonanda yosh xonandalarni ustozlarni yetarli darajada hurmat qilmasligini aytib, ustoz va shogird munosabatlariga ibrat sifatida bir kichik hikoyat keltirgan.

"Avvallari eshik taqillatganlarga ustozlar: “Kimsan?” deyishgan. “Falonchiman” desa, eshik ochilmaydi. Bu holat ko‘p marta takrorlanadi. Oxiri, yuzinchi marta kelganida, “Kimsan?” deb so‘ralganida, “ - Ustoz, siz kim desangiz, men o‘shaman deyilsa”, eshik ochilib, ular shogirdlikka qabul qilinganlar. Hozirgilar ustoz biroz tanbeh bersa, uning ustidan shikoyat qilib, yuqoriga olib chiqishdan toyishmayapti. Domla qattiq gapirmasa, kim senga qattiq gapiradi? Ota-ona ham gapirmayotgan bo‘lsa axir. Hozirda bitta san'atkorning orqasidan butun qarindosh-urug‘ “yulduz”, ota-ona ham “yulduz”, qarindosh-urug‘ ham “yulduz”ga aylanyapi. U holda kim ishlaydi, o‘rtoqlar. Tushinglar pastga. Bu hammamizga, menga ham taalluqli. Tushinglar pastga. Biz xalqning xizmatchisimiz. Xalqning dardidan uyalmang. Yangi yilda tilagim – kitob varag‘ini qaytadan ochishsin. San'atkorlarimiz qaytadan “Bismilloh”ni aytib, domlalar, ustozlarning eshigini qoqishsin. Ustozlarning ham vaqti bo‘lmaydi. Ular ham shogird bir quti shirinlik ko‘tarib kelsa, dars beraman deb kutib o‘tirganlari yo‘q. Biroq sizga kerak bo‘lsa, eshigi oldida kutib turasiz, chiqqanida esa etagini mahkam ushlab olasiz. Arqonga chiqmoqchi bo‘lsangiz, qo‘lingiz toyib, pastga tushib ketasiz.

Arqon bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilish uchun esa mashq qilish, chiniqish kerak. Demak, biz butun umr chiniqishimiz kerak", deya ta'kidlaydi xonanda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish